Vladimir Putin mudofaa vaziri Sergey Shoyguni lavozimidan oldi. Uning o‘rniga sobiq vitse-premer va Putinning iqtisodiy masalalar bo‘yicha sobiq maslahatchisi vazirlikning yangi rahbari bo‘lish uchun taklif etildi. RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu qarorni harbiy blok iqtisodiyotini mamlakat iqtisodiyotiga moslashtirish zarurati bilan izohladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mudofaa vazirligi harbiy bo‘lmagan mulozim boshqaruvi ostida innovatsiyalar va «ilg‘or g‘oyalar»ni joriy etishga ochiq bo‘ladi. Rossiyalik «harbiy muxbirlar» va Z-kanallar Putinning qaroriga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda: ularning aksari o‘zlariga notanish bo‘lgan iqtisodchi nomzodning tayinlanishidan plyuslar qidirib topishga harakat qilmoqda, vazirlikka so‘nggi 12 yil davomida rahbarlik qilgan va Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimiga o‘tkazilgan Shoyguni esa deyarli tilga olishmayapti. «Meduza» harbiylashgan kanallar va blogerlarning reaksiyalarini jamladi.
Yuriy Kotenok
«harbiy muxbir»
Belousov mudofaa vazirligining butun moliya-iqtisodiy blokida audit o‘tkazadi. U buni ko‘proq tushunadi. Yuqori darajadagi professional iqtisodchi. Ota — kosiginchi iqtisodchilar guruhidan. Statist (so‘zsiz rol ijro etuvchi artist - tahr). Belousov harbiy iyerarxiyada — nominal figura. RF qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i V. Gerasimovning roli kuchaytirildi. Ammo tizimni muvozanatlashtirish bilan mudofaa vazirining yangi o‘rinbosarlari shug‘ullanadi. Va shunda barchasi oydinlashadi.
Fighterbomber
Rossiya havo-kosmik kuchlariga yaqin telegram-kanal
Oliy qo‘mondon Belousovni RF mudofaa vaziri lavozimiga taklif etdi. Menda faqat bitta savol bor. Kim o‘zi u?
Mixail Zvinchuk
Rybar telegram-kanali
Amalda Belousovning mudofaa vaziri etib tayinlanishi keng ko‘lamli audit va mudofaa vazirligi doirasidagi barcha moliyaviy modellarni qayta qurish, shuningdek «yasama» go‘zallikdan voz kechishni anglatadi. Vaqt taqchilligi sharoitida Belousov slaydli hisobotlarni emas, ikkita iqtisodiy variant aks etgan bir varaqdagi ikkita eksel tablichkasini afzal ko‘rishi tayin. Va qarorlar aynan shu tablichka bo‘yicha qabul qilinadi, chunki u hisoblashni biladi. Belousov — hamisha ko‘p narsa bo‘yicha hammaga yoqadigan bo‘lmasa ham o‘z nuqtayi nazariga ega bo‘lgan odamdir. Nazarimda, bugungi kunda Rossiya mudofaa vazirligiga aynan shu kerak.
Kirill Fedorov
urush tarafdori bo‘lgan bloger
Andrey Belousovning vazifasi jang qilish emas, o‘qchilarni joylashtirish emas, front ortida qaysidir ishlar bilan mashg‘ul bo‘lish emas, balki iqtisod orqali g‘alabani ta’minlashdir. Aynan iqtisodiyot — urushda g‘alaba qozonadi. Hozir unda ishonch reytingi va ushbu ishonchni oqlash imkoniyati bor. Mudofaa vazirligidagi xarajatlarni tartibga solish imkoniyati bor. Hisoblashni biladigan odam bunga qadar bu bilan shug‘ullanganlardan yaxshiroq uddalashi mumkin. Ehtimol oldingi boshliq paradlarni chiroyli o‘tkazish, Suriyada kichik kontingentni chiroyli namoyish etishgina talab etiladigan tinch davrga ko‘proq mosroq edi. Hozir esa, bizga barcha narsa front va g‘alaba uchun bo‘ladigan o‘shanday yalpi urushga olib boradigan odam kerak bo‘lishi mumkin.
Voyennyy osvedomitel
urush tarafdori bo‘lgan telegram-kanal
Do‘stlar, ministerlik portfeli mohiyatan ko‘proq ma’muriy lavozimdir. Unga ega bo‘lgan odamning vazifasi, birinchi navbatda, yuqori martabali odamlarni aql bilan boshqarish va mavjud resurslarni global miqyosda tasarruf etishdir. Allaqachon uzoq davom etuvchi holdan toydirish urushiga o‘tilgan maxsus harbiy amaliyot sharoitida bu lavozimga iqtisod sohasidan bo‘lgan odam tayinlanishi bevosita amaliy ma’noga ega. Bu lavozimda kazarma va mashg‘ulotlar maydonidan tashqaridagi hayotni ko‘rmagan armiyadagi «to‘nka» hech qanaqasiga g‘alaba qozonishga yordam bera olmaydi, balki aksincha. Hozir yangi mudofaa vaziriga omad tilab, mavjud buzuq tizim qisman bo‘lsa ham o‘zgarishi va dolzarb chaqiriqlarga mos tarzda modernizatsiya qilinishini istardim.
Sergey Shoyguni so‘nggi o‘n bir yarim yil davomida almashuvsiz egallab kelgan mudofaa vaziri lavozimidan kuzatarkanmiz, ko‘p narsani aytishni istardim, ammo asosiysini aytaman — Shoygu Ukrainadagi maxsus harbiy amaliyot ko‘rinishidagi o‘z hayotidagi eng asosiy imtihondan o‘ta olmadi.
Dmitriy Seleznev
urush tarafdori bo‘lgan «Dva mayora» telegram-kanali
Belousov 2023 yilda yirik biznes vakillariga (harbiy budjetga) o‘z daromadlaridan «ixtiyoriy hissa qo‘shish»ni taklif etgan. Darhaqiqat, urush davrida qanday daromad haqida o‘ylash mumkin?
Ya’ni bunda Belousov adolat tarafdori ekanini ko‘ramiz, bu esa kishini ta’sirlantirmay qo‘ymaydi. Yuqori siyosiy doiralarda uzoq vaqt bo‘lganiga qaraganda, iqtisodiyot sohasida shaxsan prezident ruxsati bilan nazorat funksiyalarini bajargan. Boshqa tuzilmada bo‘lgan prezidentning ishonchli odami tayinlanishi mudofaa vazirligidagi qotib ketgan korrupsion aloqalar tizimini buzadi, vazir o‘rinbosari Ivanovning qo‘lga olinishi ham holatni ko‘rsatib bergandi. Va bunday o‘zgarish harbiy blokning iqtisodiy tomonini mustahkamlashga qaratilgani ko‘rinib turibdi.
Sergey Kolyasnikov
urush tarafdori bo‘lgan bloger, Zergulio telegram-kanali
Belousov nega mudofaa vazirligi rahbarligiga nomzod sifatida ko‘rsatilganiga kelsak, aytish mumkinki, ko‘pchilik mudofaa vaziri lavozimi o‘zi nima ekanini tushunmaydi — bu ko‘proq siyosiy va iqtisodiy lavozim. Reallik shunday. Aynan shuning uchun kuchli iqtisodchi va davlat arbobi Andrey Removich Belousov bu joyga juda mos keladi.
Indallosini aytganda — aniq tayinlov. Urush olib borayotgan mamlakatda hamon 50 000 dan ortiq ofitserlarni uy bermay aldab kelishmoqda, 2016 yilgi navbat yopilmagan, butun Rossiya bo‘ylab yirik shaharlarda harbiylar uchun kvartallar chirib yotibdi. Mudofaa vazirligida kalamushlik qilgan birgina Timur Ivanov emas, u yerda yanada qiziqarliroq va ahamiyatliroq bo‘lgan shaxslar bor. Yomon ma’noda. Shunday ekan, ishonchingiz komil bo‘lsin, Andrey Removichning sochi yanada oqaradi. Unga faqat omad tilashim mumkin — chunki u hozirning o‘zida Avgiyev otxonasini (ifloslik va tartibsizlik hukmron bo‘lgan joyni ifodalovchi ibora) tozalashni boshlashi kerak. Bu tayinlovda men faqat plyuslarni ko‘raman.
RBK esa o‘z materialida jahondagi yirik nashrlar Rossiya mudofaa vazirligidagi o‘zgarishni qanday qarshi olganini ko‘rib chiqdi
Le Figaro (Fransiya)
«So‘nggi oylarda Rossiya prezidenti ko‘plab texnika va jonli kuch sarfini talab etadigan Ukrainadagi yurishni davom ettirish uchun mamlakat mudofaa sanoatiga innovatsiyalar joriy etish va ishlab chiqarish hajmini oshirishga chaqirgandi. Shu nuqtayi nazardan Andrey Belousov Kreml xo‘jayini nazarida qariyb eng ideal nomzod bo‘lib ko‘rinadi»
Guardian (Buyuk Britaniya)
Londondagi Mayak Intelligence konsalting kompaniyasi direktori Mark Galeoti Guardian nashriga shunday degan: «Iqtisodiyotning katta qismini asosan mudofaa sektori ehtiyojlariga bo‘ysundirish zarurati haqida gapirgan iqtisodchini tayinlashda ma’lum ma’no bor. Hozirda bu mohiyatan Belousov bajarishi mumkin bo‘lgan moliyaviy menejer ishidir»
New York Times (AQSh)
«Vazirlar kabinetidagi o‘zgarishlar odatda shoshilinch o‘zgarishlardan qochadigan janob Putin uchun kamyob hodisa bo‘ldi va bu o‘zgarishlar Rossiyaning Ukrainadagi ikki yildan ortiq vaqt davom etayotgan urushida burilish pallasi bo‘lishi mumkin. <.> Va iqtisodchini tayinlash orqali u har qanday harbiy g‘alaba uchun sanoat quvvati muhimligini jimgina tan oldi».
Reuters (Buyuk Britaniya)
«Putinga juda yaqin ekani ma’lum bo‘lgan sobiq iqtisodiyot vaziri Belousov Rossiya yetakchisining kuchli davlatni tiklash to‘g‘risidagi qarashlariga qo‘shiladi, shuningdek Putinning katta innovatsiyalarga intiladigan va yangi g‘oyalar uchun ochiq bo‘lgan yetakchi texnokratlari bilan ishlagan. Belousov Rossiyaning uchuvchisiz uchish apparatlari bo‘yicha dasturini yaratishda muhim rol o‘ynagan. Elitani g‘aflatda qoldirgan bu silkinish shuni ko‘rsatadiki, Putin Ukrainadagi urushda sa’y-harakatlarni ikki barobar oshirdi va G‘arbning unga sanksiyalar bilan putur yetkazishga urinishlari hozircha besamar qolayotganidan keyin Rossiya iqtisodiyotining katta qismidan urush olib borish uchun foydalanishni istamoqda».
Berliner Zeitung (Germaniya)
«Kreml taslim bo‘lishni xohlamayapti, keng ko‘lamli qayta qurollanishga staka qo‘yib, iqtisodiyotni uzoq davom etadigan urush ehtiyojlariga moslashtirishga e’tibor qaratmoqda. Shu tufayli Andrey Belousovning tayinlanishi Ukraina uchun, shuningdek G‘arb uchun o‘ta xavotirli voqea hisoblanadi»
Rzeczpospolita (Polsha)
«Belousovning vazifasi, shubhasiz, mudofaa sektoriga ajratilgan resurslardan yanada samarali foydalanish bo‘ladi, ayniqsa, Shoyguning yaqin safdoshi, mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov 11 million dollar miqdorida pora olishda ayblanayotgan fonda».
Xinhua (Xitoy)
«Rossiya prezidenti Vladimir Putin yakshanba kuni Rossiya xavfsizlik kengashi kotibi lavozimiga o‘tayotgan Sergey Shoygu o‘rniga sobiq birinchi vitse-premer Andrey Belousov nomzodini yangi mudofaa vaziri lavozimiga ilgari surdi. 65 yoshli Belousov turli lavozimlarni egallagan, jumladan prezidentning iqtisodiy masalalar bo‘yicha yordamchisi, iqtisodiy rivojlanish vaziri, Hukumat apparatining iqtisodiyot va moliya departamenti direktori, Makroiqtisodiy tahlil va qisqa muddatli prognozlash markazi bosh direktori».
Daily Sabah (Turkiya)
«Kampaniyaning birinchi yilidagi qator harbiy muvaffaqiyatsizliklar, jumladan Ukraina poytaxti Kiyevni egallash rejasi barbod bo‘lishi va Xarkiv oblasti hamda Xerson oblastidan chekinishlarga qaramay, Putin hozirga qadar Shoyguni qo‘llab kelayotgandi <...> Harbiy ta’limga ega bo‘lmagan Belousov Putinning so‘nggi o‘n yilliklardagi eng nufuzli iqtisodiy maslahatchilaridan biri bo‘lgan».
Asharq Al-Awsat (Saudiya Arabistoni)
Shoygu o‘zgartirilishi mumkinligi haqida o‘tgan oydayoq gapira boshlashgandi, o‘shanda Rossiya hukumati uning yuqori martabali o‘rinbosarlaridan birini korrupsiya ayblovi bilan qo‘lga olgandi. Uning uzoq vaqtdan buyon Putinning iqtisodiy masalalardagi eng ishongan maslahatchilaridan biri bo‘lgan Belousovga almashtirilishi ham Kremlning G‘arb sanksiyalari sharoitida Rossiya iqtisodiyotini barqaror ushlab turishdagi muvaffaqiyatini ko‘rsatadi. Bu o‘zgarish Putin beshinchi muddatga Rossiya prezidenti lavozimiga kirishganidan bir hafta o‘tmay sodir bo‘ldi.
Perfil (Argentina)
«Putin iqtisodchi Andrey Belousovni Shoygu o‘rniga taklif qildi. Bu qaror mojaroning muhim pallasida qabul qilindi — Rossiya qo‘shini Ukraina sharqida ilgarilamoqda va so‘nggi kunlarda Xarkivdan shimoli-sharqda yangi va muhim quruqlik amaliyotini boshladi. Kampaniyaning birinchi yilidagi qator harbiy muvaffaqiyatsizliklarga qaramay, Putin Shoyguni hozirga qadar qo‘llab kelayotgandi. Kreml bu qarorni izohlarkan, mudofaa vazirligiga innovatsiyalar kerakligini bildirdi»