Endi davlat idoralari xodimlari haftasiga 2 kun jamoat transportida ishga boradi. Shu mazmundagi farmoyish Bishkek shahri meri Oybek Junushaliyev tomonidan imzolandi.
Qayd qilinishicha, Qirg‘iziston poytaxtidagi ekologik vaziyatni yaxshilash, shuningdek, jamoat transporti harakati sifatini monitoring va tahlil qilish maqsadida Bishkek shahar meriyasi xodimlarining shaxsiy avtomobillardan foydalanishiga cheklov joriy etilmoqda.
Shunday qilib, cheklovlar joriy etish uchun seshanba va payshanba kunlari shaharda transport harakati eng tig‘iz bo‘lgan kunlar sifatida tanlandi.
«Shu kunlarda shaxsiy va xizmat avtomashinalaridan foydalanishga cheklovlar joriy etilishi yo‘llardagi tirbandlikni kamaytiradi, shuningdek, bu o‘z navbatida jamoat transportiga bo‘lgan talabning oshishiga xizmat qiladi, transport tizimini rivojlantiradi va atmosferaga zararli moddalar chiqarilishini kamaytiradi», deyiladi ma’muriyat xabarida.
Ma’muriyatning ta’kidlashicha, davlat xodimlarining jamoat transportidan foydalanishi fuqarolar va boshqa tashkilotlarga o‘rnak bo‘lib xizmat qiladi, transportning ekologik toza va samarali usullaridan foydalanishni rag‘batlantiradi.
Qayd qilish joiz, Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahri dunyodagi eng iflos havoga ega shaharlar reytingida muntazam ravishda yuqori o‘rinlarni egallab keladi.