«Arsenal» «MYu»ni yengdi. Endi APLda barchasi so‘nggi turda hal bo‘ladi

Sport 11:32 / 13.05.2024 12533

«Manchester Yunayted» — «Arsenal» 0:1
Gol:
Trossar (20).
«Manchester Yunayted» – Onana, Uan-Bissaka (Forson, 87), Evans (Kambvala, 75), Kazemiro, Dalot, Amrabat, Maktominey, Maynu (Eriksen, 87), Diallo (Antoni, 70), Garnacho, Hoylund (Uitli, 87). 
«Arsenal» – Rayya, Uayt, Gabriel, Saliba, Tomiyasu, Parti (Kivior, 90+3), Edegor (Jorjinio, 90+3), Rays, Haverts, Trossar (Martinelli, 66), Saka (Gabriel Jyezus, 82).
Ogohlantirishlar: Saka (71), Rayya (90+4).

2013 yil 12 may kuni «Old Trafford»da ser Aleks Fergyuson bilan dabdabali xayrlashuv marosimi o‘tkazilgandi — buyuk murabbiy «Manchester Yunayted»ning o‘sha mavsumdagi so‘nggi uy o‘yinida «Suonsi» ustidan qozonilgan g‘alaba bilan «qizil iblislar» boshqaruvini tark etgandi. So‘nggi mavsumida Fergyuson «MYu»ga 20-chempion titulini taqdim etgandi, shundan keyin Manchesterning qizil tomonida ola-g‘ovur davrlar boshlandi. Va bu hamon tugagani yo‘q.

Roppa-rosa 11 yil o‘tib «Yunayted»ning uy stadionida yana muhim o‘yin o‘tkazildi, ammo bu mezbonlar uchun muhim emasdi. «MYu» bu mavsumning hech bir qismida yetakchilik uchun kurashmadi va keyingi mavsumda Chempionlar ligasida ishtirok etmasligi ham aniq bo‘lib ulgurgan, shunday ekan jamoa faqat chempionlik poygasiga faqat bevosita ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga ega edi. «Manchester Siti» va «Arsenal» Angliyaning asosiy sovrini uchun kurashni davom ettirmoqda va londonliklar bu yo‘lda Manchesterda ochko yo‘qotmasligi talab etilardi.

Mikel Arteta jamoasi muvaffaqiyat qozonishiga deyarli hech kimda shubha yo‘q edi. Bunga sabab — yetarlicha. Birinchidan, «Arsenal» mavsumni juda yaxshi o‘tkazmoqda va ulkan ishtiyoq bilan maydonga tushmoqda. Ikkinchidan, «kanonirlar» yuqori sport formasida, «Yunayted» esa o‘tgan hafta boshida «Kristal Pelas»dan to‘rtta  javobsiz gol qabul qilib olgandi. Uchinchidan, mezbonlar kadrlar muammosiga botgan: Erik ten Hagda 36 yoshli Evansdan tashqari barcha asosiy markaziy himoyachilar safdan chiqqan, qolaversa salomatligidagi muammolar tufayli Reshford va Brunu Fernandesh ham o‘yin qaydnomasidan joy olmagandi. Bunday sharoitda «MYu»dan g‘alaba uyoqda tursin, sifatli futbol kutish ham o‘rinsiz edi.

Ammo «Yunayted» o‘yinni yomon boshlamadi, ma’lum oraliqlarda to‘pga egalik qilib, birinchi bo‘limda zarbalar soni bo‘yicha ustunlik qildi (8:5) va «Arsenal»ga nomsiz autsayder emasligi, balki o‘z vaqtida APLdagi asosiy raqobatchisi bo‘lganini eslatib qo‘ydi. Ammo mezbonlardagi muammolar fosh bo‘lmasligi mumkin emasdi. «MYu»dagi kadrlar muammosi tufayli ten Hag o‘yinga bir vaqtning o‘zida to‘rt nafar tayanch yarimhimoyachisini tushirishga majbur bo‘ldi va Kazemiro yana himoya markazida joylashdi.

Braziliyalik futbolchini bu pozitsiyaga qo‘yish avvalboshdan bahsli qaror edi, u o‘tgan turdagi o‘yinda raqiblarga 8 bor o‘zini aldab o‘tishga imkon bergandi va ikkita golga sababchi bo‘lgandi. Bu safar esa 21-daqiqada uning pozitsiyasi o‘zgartirilishi xato qaror ekani yana bir bor o‘z isbotini topdi.

Raqib hujumi qaytarilganida Andre Onana maydon markazi tomon pas berdi, bu vaqtda Kazemiro darvozabondan orqaroqda edi.

Keyin braziliyalik maydon markazi tomon juda ildamlab harakatlandi, boshqa jamoadoshlari esa bu vaqtda undan ancha oldinroqqa chiqib ketishgandi. Kazemiro qarama-qarshi qanotda Haverts bo‘sh turganini ko‘rdi, ammo u buni tashvishlantirmadi. «Arsenal» hujumchisi esa ildamlik qildi: raqib futbolchisi ortda qolib ketganini payqab, qo‘l ko‘targan holda to‘p so‘radi.

Germaniyalik hujumchi Kazemironing sustkashligi tufayli ofsaydda qolmasdan pas qabul qilib oldi va Evansdan osonlik bilan qochib ketib, markazdan hujumga qo‘shilgan Trossarni golli pas bilan ta’minladi.

Odatda «Arsenal» bitta gol bilan to‘xtab qolmaydi. Londonliklar mavsum yakunida to‘plar nisbati hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkinligini tushungan holda ko‘pincha raqibni yirik hisoblarda tor-mor etadi.

Ammo bu safar Arteta hayron qoldirdi: mehmonlar ehtiyotkorlik rejimiga o‘tishdi va odatiy yuqori pressingdan voz kechishdi. Katta ehtimol bilan, ispaniyalik mutaxassis tavakkal qilib hujumga borishdan ko‘ra, uch ochkoni saqlab qolishni afzal ko‘rdi.

«Arsenal»ning baxtiga «MYu» maydonning uchinchi qismida taqdim etilgan bo‘sh hududlardan foydalana olmadi. «Qizil iblislar»ga Fernandesh va Reshford yo‘qligida kreativ yetishmadi, Garnacho esa muntazam ravishda «Arsenal»ning tig‘iz himoyasini yorib o‘tishga besamar urindi.

Tanaffusdan keyin ham kartina o‘zgarmadi: londonliklar hujumda favqulodda passiv harakatlanishdi, «MYu» futbolchilari esa harakat qilishdi, ammo xavfli vaziyatlar yarata olishmadi. «Arsenal» faqat o‘yin oxirlariga borib hujumga o‘ta boshladi.

Martinelli maydonga tushishi o‘yinni kuchaytirdi. 79-daqiqada gol urishga yaqin edi, ammo Onana va «MYu» mudofaasi «Arsenal» hujumlariga dosh berdi. Ten Hag esa o‘yin oxirida muxlislarga notanish nomlarni maydonga tushirdi, bu esa mezbonlar hujumini kuchaytira olmadi. «MYu» boshqa gol o‘tkazmadi, ammo o‘zi ham gol ura olmadi.

Turnir jadvalining yuqori qismida vaziyat qanday?

«Arsenal» bu g‘alaba evaziga «Siti»ni bir ochkoga ortda qoldirgan holda yana birinchi o‘ringa qaytdi.

Lekin Gvardiola jamoasi hamon poygada favorit sifatida qolmoqda. Agar «Arsenal» bu turda ochko yo‘qotganida, «shaharliklar»da qolgan ikki o‘yindan birida ochko yo‘qotish huquqi qolgan bo‘lardi. Ammo londonliklar xatoga yo‘l qo‘ymadi – endi Pep shogirdlarining ham xato qilishga haqqi yo‘q.

«Siti»ni oldinda qiyin safar kutmoqda: jamoa «Tottenhem»ning yangi stadionidagi mag‘lubiyatli seriyasini faqat shu yil boshida, Angliya kubogida to‘xtata oldi. Bungacha safar o‘yinlarida vaziyat quyidagicha edi:

  • 2019 yil 9 aprel, «Tottenhem» – «Siti» – 1:0
  • 2020 yil 2 fevral, «Tottenhem» – «Siti» – 2:0
  • 2020 yil 21 noyabr, «Tottenhem» – «Siti» – 2:0
  • 2021 yil 15 avgust, «Tottenhem» – «Siti» – 1:0
  • 2023 yil 5 fevral, «Tottenhem» – «Siti» – 1:0
  • 2024 yil 26 yanvar, «Tottenhem» – «Siti» – 0:1

Jamoalarning bu mavsum birinchi davrasida Manchesterda kechgan o‘yinida esa 3:3 hisobidagi durang qayd etilgan.

Agar 14 may kuni «Siti» «Tottenhem» bilan yana durang o‘ynasa, Pep va Arteta jamoalarida so‘nggi tur arafasida ochkolar soni 86 tadan bo‘ladi. Bunday holatda «Arsenal» birinchi o‘rinda qoladi: londonliklarda to‘plar nisbati +61, «Siti»da – +58. 

«Siti» fanatlari «shporlar»ning formasi yomonligidan umid qilishi mumkin. «Tottenhem» so‘nggi besh uchrashuvdan to‘rttasida mag‘lub bo‘lib, faqat chempionshipni tark etgan «Byornli» ustidan irodali g‘alabaga (2:1) erishdi.

«Arsenal»da esa bitta o‘yin qoldi: 19 may kuni uyda «Everton» bilan, Shon Daych shogirdlari bu mavsum uchun vazifani, ligada qolish masalasini hal qilishgan. «Siti» so‘nggi turda «Vest Hem»ni qabul qiladi.

So‘nggi tur oldida kim peshqadam bo‘lib turishi – hali so‘roq ostida. Agar «Siti» «Tottenhem»ga yutqazib qo‘ysa, jamoaning chempionlik imkoniyatlari keskin pasayib ketadi. «Arsenal» futbolchilari va muxlislari eng ashaddiy raqib yordamidan umid qilishmoqda, «Old Trafford»dagi o‘yindan keyin intervyu bergan Kay Havers hazil aralash seshanba kuni «Tottenhem»ning eng katta fanatiga aylanishini aytib o‘tdi.

Shunisi aniqki, Angliyada chempionlik taqdiri bir haftadan keyin, so‘nggi turda hal bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: