Global hamjamiyat e’tiroziga qaramay, Netanyahu Rafahga bostirib kirishga urinarkan, AQSh Isroilga bir qator qurollarni bermaslik bilan tahdid qildi. Qohirada esa murosasiz muzokaralar hammaning diqqat markazida. Kun.uz “Geosiyosat” loyihasida mavzuni siyosiy fanlar nomzodi, dotsent Ulug‘bek Hasanov bilan tahlil qildi.
— Ba’zi manbalarda TsAHAL Rafahda harbiy amaliyot boshlagani haqida xabarlar tarqalyapti, aslida vaziyat qanday?
— 1977 yilda Misrning Anvar Saodat boshchiligidagi hukumati va Isroil o‘rtasida muzokaralar bo‘lgandi Falastin masalasi bo‘yicha. Misr va Rafah o‘rtasidagi transchegaraviy “Salohiddin” chiqish qismi bor, u 2004 yilda Filadelfiya koridori deb atalgan, mana shu yo‘lak gumanitar koridor hisoblanadi. Rafah transchegaraviy chiqish qismi Falastin avtonomiyasi va Misr chegara qo‘shinlari tasarrufiga o‘tishi 1977 yildagi muzokaralarda belgilangan. Bu Kemp-Devid kelishuvi emas, undan oldin bo‘lgan, Kemp-Devid kelishuvi esa 1978 yilda bo‘ladi.
Bu 20 kilometrlik koridor juda muhim hisoblanadi. Kemp-Devid kelishuvlarida Rafah alohida gumanitar hudud sifatida belgilanib, xalqaro status berilgan. Lekin Falastin avtonomiyasi bu transchegaraviy chiqish yo‘lini qanchalik mustaqil boshqardi, degan savol bor. Oxirgi 40 yilga qarasak, Isroil har doim mana shu transchegaraviy hududga o‘z manfaatlarini kiritishga uringan.
Bugungi holat — Isroil uchun qulay vaziyat. 8 oktyabrdan boshlab Isroil tomonidan Hamasning Misrga chiqib ketishi oldini olish bahonasida Rafahdagi transchegaraviy hududga nisbatan xurujlar boshlangan.
Isroil hech qachon bu g‘oyasidan qaytmaydi, ya’ni hududni Isroil chegara qo‘shinlari nazoratiga olishdan. Muzokaralarda ham bu masala qo‘yiladi. Isroil shu orqali G‘azoni to‘liq qamal qilmoqchi. Rafah juda muhim, geosiyosiy, transchegaraviy jihatdan katta salohiyatga ega joy. Shu transchegaraviy hududni o‘zi nazoratiga olish oxirgi 4-5 oy davomida katta maqsad bo‘lib turibdi Isroil tomonidan.
Isroil qo‘shinlari Rafahga kirmagan, lekin qamal qilib turibdi, harbiy xurujlar bo‘lyapti. Maqsad — kirib borib, to‘liq nazoratga olib, Rafahdagi o‘tish yo‘lagini Isroil qo‘shinlari tasarrufiga o‘tkazish. Bu maqsaddan Netanyahu hukumati qaytmagan, qanday xalqaro bosimlar, AQSh bosimlari, shartlari bo‘lmasin, Netanyahu hukumati shu maqsadda turibdi.
— Netanyahu so‘nggi bayonotida AQSh yordamisiz ham Rafahga kirishi haqida aytdi, bu Isroilni jilovlash imkoni yo‘q deganimi?
— 23 apreldagi Bayden bayonotida ma’lum bir harbiy hamkorlik to‘xtatilishi haqida fikr yo‘q, ma’lum bir shart qo‘yildi. Gumanitar inqiroz chuqurlashib ketmasligi uchun to‘xtashni aytib, norozilik bildirdi, lekin bu norozilik asnosida harbiy hamkorlik to‘xtashi yoki cheklanishi haqida gap yo‘q. Ular o‘rtasida o‘n yilliklar davomida harbiy-texnologik hamkorlik o‘rnatilgan, bularni cheklash bo‘yicha aniq siyosiy pozitsiya yoki AQSh harbiy tuzilmalari tomonidan belgi bo‘lgani yo‘q.
Isroil harbiy kuchlari katta salohiyatga ega. Yolg‘iz qolsa ham, bu ishni qila oladi, chunki Yevropa va AQSh bilan ko‘p yillik harbiy hamkorlik natijasida Isroil mudofaa kuchlarini kuchaytirib yubordi, bugungi kunda Isroil bu kabi operatsiyalarni o‘zi amalga oshira oladi.
— Rafahga kirish to‘g‘risidagi xabarlarga ham 2 oy bo‘ldi. O‘zi amalga oshirishga imkoni bor ekan, nega haligacha boshlamadi, nima to‘sqinlik qilyapti?
— Xalqaro hamjamiyat va boshqa kuchlarning bosimiga qaramasdan, Isroil oldiga qo‘ygan maqsadni amalga oshirmoqda. Isroil harbiylarini Rafahga kiritishi borasida shubha bo‘lishi kerak emas. Aytganimdek, Netanyahu hukumati Rafahning transchegaraviy hududini o‘z nazoratiga olishni maqsad qilgan.
Vaqt cho‘zilishining sababi esa Isroil bu operatsiyaga puxta tayyorgarlik ko‘ryapti. Ikkinchi tomondan muzokaralar orqali diplomatik yo‘l bilan bunga erishish niyati ham bor hali.
— Qohiradagi tinchlik muzokaralaridagi vaziyat qanday va tomonlarning shartlari nimalardan iborat?
— Hamas tomoni muzokaralarga tayyor ekanini bildirdi, isroillik asirlardan 33 nafarini qaytarib berishga ham tayyor. Lekin shuni unutmaslik kerakki, Hamas o‘zini Isroil okkupatsiyasiga qarshilik ko‘rsatadigan kuch sifatida bildirgan siyosiy sahnada. Hamas oldiga strategik maqsad qo‘ygan, ya’ni Isroil okkupatsiya qilgan yerlarni qaytarib, mustaqil Falastin davlatini vujudga keltirish va uning tepasida turish. Hamas muzokaralarda maqsad qo‘ygan, asirlarni faqat Isroildagi falastinlik mahbuslarni ozod qilish uchun emas, balki mustaqil Falastin davlatiga asos solish yo‘lida ham ishlatadi. Muzokaralarda asirlar va Rafah transchegaraviy hududidan tashqari asosiy masala mustaqil Falastin davlatchiligini tuzish bo‘ladi.
BMT assambleyasida 143 ta davlat Falastin davlati BMTga to‘liqonli a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatladi. 143 ta davlat ovoz berishi ko‘p narsani anglatadi: Isroilga bo‘layotgan xalqaro bosimni ham bildiradi, tashqi siyosiy qarashlariga ham bosim bo‘ladi bu. Lekin Netanyahu hukumati baribir o‘z maqsadidan qaytmayapti.
Netanyahu Likud partiyasi a’zosi bo‘lgan oldindan, ular esa sionistik partiya hisoblanadi, o‘ta konservativ partiya ham, Isroil jamiyatida katta nufuzga ega. Ushbu partiya siyosiy qarashlariga ko‘ra, sionistik davlat miqyosida boshqa mustaqil davlat vujudga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik bor. Netanyahu o‘zicha siyosat olib borayotgan lider emas, uning ortida shunday partiya va boshqa kuchlar bor, shularning siyosiy pozitsiyasini aks ettiradi u. Netanyahu ortida turgan siyosiy kuchlar manfaatini inobatga olish kerak.
Tahlillarda ko‘pincha chetda qoladigan yana bir masala bor. Isroil davlatchiligida ravvinatning, ya’ni yahudiy ruhoniylarining siyosiy kuchi juda katta, xuddi Erondagi kabi. Isroil ravvinatining qarashlari sionizm g‘oyalarini o‘zida aks ettiradi. Sionizmning eng katta tafakkurlaridan biri — Isroil davlatchiligi miqyosida boshqa bir musulmon davlati vujudga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik. Ular uchun bu — siyosiy dasturiy qarash. Faqat Netanyahuni gapiramiz, lekin uning ortida turgan Isroil davlatchiligida katta nufuzga ega bo‘lgan kuchlar bor, ular Netanyahuga katta ta’sir o‘tkazadi.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.