Prezident raisligida mahalliy sanoat tarmog‘idagi ichki imkoniyatlarni safarbar etish orqali aholini ishli va daromadli qilish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.
Joriy yilda Sharof Rashidov va Ohangaron tumanlarida bittadan yirik charm klasterini tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.
Bunda ekologiyaga javob beradigan suv tozalash inshooti va bino qurish uchun 40 million dollar arzon resurs yo‘naltiriladi. Bu yerdagi tayyor loyihalarga 7 yilda bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan tabiiy va sun’iy charmdan mahsulot chiqaruvchi xorijiy brendlar joylashtiriladi.
Xorijiy brend jalb qilgan har bir korxonaga sorsing kompaniyalari uchun sarflangan xarajatni 30 ming dollargacha qismini qoplab berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, 14 ta kichik sanoat zonasida 100 million dollarlik loyihalarni boshlash, 11 ta chorva klasteriga ozuqabop ekin ekish uchun yer masalasini to‘liq hal qilish vazifasi qo‘yildi.