Istanbulda firibgarlik va odam savdosida ayblanayotgan o‘zbekistonlik erkak ushlandi

Jamiyat 08:40 / 09.05.2024 7702

Joriy yilning 6 may kuni O‘zbekiston va Turkiya IIV hamkorligida amalga oshirilgan tezkor tadbir natijasida firibgarlik va odam savdosi jinoyatini sodir etishda ayblanayotgan, 1979 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan Ozod Rahimov Istanbul shahrining Fotih tumanida qo‘lga olindi.

O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi xabariga ko‘ra, u Samarqand viloyatida fuqarolarning ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirishda, shuningdek Istanbul shahrida bo‘lgan davrida 2022-2023 yillar mobaynida bir qancha O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolarini Turkiya-Ispaniya-Nikaragua-Meksika yo‘nalishi bo‘ylab AQShga yuborishni va’da qilib, firibgarlik yo‘li bilan ularning har biridan 10-15 ming AQSh dollari olib, va’dasini bajarmasdan, pullarni o‘zining shaxsiy manfaatlariga ishlatib yuborganlikda ayblanmoqda.

Ushbu shaxsning jinoiy xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan vatandoshlardan bosh konsulxonaga yoki O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga xabar berish so‘ralgan.

Jinoiy javobgarlikdan qochib xorijiy davlatlarda, shu jumladan, Turkiyada yashirinib yurgan har bir shaxsga nisbatan jinoiy ta’qib izchil ravishda davom ettiriladi va jinoyat uchun javobgarlik prinsipi qat’iy ta’minlanadi, deyiladi bosh konsulxona xabarida.

Shu bilan birga, keyingi vaqtlarda AQSh, Kanada yoki Yevropa davlatlariga borish uchun viza rasmiylashtirib berish vaji bilan firibgarlik sodir etish holatlari yuzasidan bosh konsulxonaga kelayotgan murojaatlar soni ortgani inobatga olinib, fuqarolar firibgarlarga aldanib qolishdan ogoh bo‘lishga chaqirildi.

Ko‘proq yangiliklar: