Acwa Power O‘zbekistonda Markaziy Osiyodagi eng yirik shamol energetikasi loyihasi bo‘yicha shartnoma tuzdi
Orolbo‘yi mintaqasida ushbu loyiha besh bosqichda amalga oshiriladi va yiliga 18,5 ming GVt soatga yaqin toza energiya ishlab chiqaradi.

Foto: "Dunyo" AA
Saudiya Arabistonining Index Economic elektron nashri Acwa Power kompaniyasi O‘zbekistonda Markaziy Osiyodagi eng yirik shamol energetikasi loyihasini rivojlantirish bo‘yicha shartnoma tuzganini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda "Dunyo".
Nashrda qayd etilishicha, Acwa Power kompaniyasi va "O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari" AJ o‘rtasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida ishlab chiqarish quvvati 5 GVtgacha bo‘lgan Markaziy Osiyodagi eng yirik shamol elektr stansiyasi uchun elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolangan.
"Bitimni imzolash tadbiri uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida, Acwa Power kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda ishga tushirilayotgan ikkita loyihaning ochilish marosimi doirasida bo‘lib o‘tdi. Bu Acwa Power kompaniyasining O‘zbekistonda amalga oshirayotgan portfelidagi 15 ta loyihadan biri hisoblanadi", — deya qayd etgan manba.
Orolbo‘yi mintaqasida ushbu loyiha besh bosqichda amalga oshiriladi va yiliga 18,5 ming GVt soatga yaqin toza energiya ishlab chiqaradi. Bu esa O‘zbekistonning toza energiyaga o‘tish strategiyasiga erishish yo‘lidagi muhim qadamdir. Bundan tashqari, loyiha yuzlab to‘g‘ridan to‘g‘ri va bilvosita ish o‘rinlarini yaratish, shuningdek, xizmatlar va ta’minotni mahalliylashtirish orqali mahalliy sanoatni rag‘batlantirishga hissa qo‘shishi kutilmoqda.
"O‘zbekiston Saudiya Arabistonidan tashqarida Acwa Power’ning investitsiya portfelidagi ikkinchi yirik davlat hisoblanadi. Ushbu loyiha bilan uning mamlakatga kiritgan jami sarmoyasi 13,9 milliard dollarni tashkil etmoqda", — deya ta’kidlagan Index Economic.
Mavzuga oid

12:31 / 03.03.2025
Beruniyda kuchli shamol ko‘p qavatli uyning tomini uchirib yubordi

17:02 / 22.01.2025
Koinotda 33 ming km/soat tezlikdagi shamol qayd etildi - bu rekord ko‘rsatkich

17:11 / 16.12.2024
Termizda turar joy binosining suvog‘i shamol tufayli ko‘chib tushdi

10:54 / 08.05.2024