Turk dunyosining umumiy alifbosi 2026 yilgacha shakllanishi mumkin

Jahon 18:32 / 07.05.2024 6717

Turk dunyosi umumiy alifbo komissiyasining ikkinchi yig‘ilishi Ozarboyjon poytaxti Bokuda bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Anadolu xabar berdi. 

Xalqaro Turkiy Akademiya rahbari, professor Shahin Mustafoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Ozarboyjon Milliy Fanlar Akademiyasi prezidenti Iso Habibbeyli, Ozarboyjondagi Otaturk markazi rahbari Nizomiy Jafarov, shuningdek, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Turkiya olimlari ishtirok etdi. 

Yig‘ilishda umumiy alifbo yaratish borasidagi ishlar, shuningdek, turkiy tillarning umumiy alifbosi bilan bog‘liq chora-tadbirlar rejasini belgilash masalasi muhokama qilindi. Shuningdek, umumiy atamashunoslik sohasidagi tadqiqotlar haqida so‘z yuritilib, lotin harflariga asoslangan umumiy alifboga o‘tishning ilmiy, madaniy va amaliy natijalariga baho berildi. 

Turkiy tilshunoslik jamiyati rahbari Usmon Mert jurnalistlarga Turk dunyosi yozma muloqotga muhtojligini va bu tashabbuslar doirasida mas’uliyatli qadamlar tashlayotganini aytdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, turkiy davlatlar umumiy alifboga o‘tishda jiddiy akademik yutuqlarga erishgan, ammo siyosiy qarorlar qabul qilish uchun biroz vaqt kerak bo‘lishi mumkin. 

Mert, Sovet Ittifoqining parchalanishi bilan mustaqillikka erishgan turkiyzabon davlatlar uchun yangi sahifa ochilganini qayd etdi. 

«Ushbu uchrashuvda yuz bergan voqea, aslida, tarixiy missiyani amalga oshirishdir. Biz yozma ravishda muloqot qilishga muhtojmiz va bunga erishishimiz kerak. Turkiya, Ozarboyjon, O‘zbekiston va Turkmaniston lotin alifbosidan foydalanmoqda», dedi Mert va Qozog‘iston va Qirg‘izistonni ham shunga chaqirdi. 

«Qozog‘istonning lotin alifbosiga o‘tishi 2025 yilgacha amalga oshishi mumkin. 2026 yilda Birinchi Turkologiya qurultoyining 100 yilligi nishonlanadi. Biz umumiy alifbo mavzusini 2026 yilda yakunlashni kutmoqdamiz. Tarix bizga bu mas’uliyatni yuklagan va biz qat’iyroq bo‘lishimiz kerak», deb qo‘shimcha qildi u. 

Ko‘proq yangiliklar: