Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tyapti. Majlisda «Huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan Jinoyat kodeksiga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi uchinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan yarashuv institutiga kiruvchi ma’muriy huquqbuzarliklar doirasini kengaytirish belgilanmoqda. Ya’ni, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksdagi moddalar sonini 12 tadan 15 tagacha ko‘paytirish orqali yarashuv to‘g‘risidagi institutni qo‘llash doirasini kengaytirish taklif etilmoqda. Bu qarindoshlar, yaqinlar va tanishlar o‘rtasida kelishtiradigan tartibning mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga sog‘liqning qisqa muddatga yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qolishiga olib kelmagan qasddan badanga yengil shikast yetkazish bilan bog‘liq jinoiy qilmishni dekriminalizatsiya qilib, uni ma’muriy huquqbuzarlik toifasiga o‘tkazish, shuningdek ushbu huquqiy normani yangi kvalifikatsiya belgilari bilan to‘ldirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.