Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga 20 mln so‘mdan mukofot puli beriladi

O‘zbekiston 10:05 / 07.05.2024 10661

Prezident “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Mamlakatda 9 may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanishi, shuningdek, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan ajdodlar xotirasini abadiylashtirish, bugun ham safda turib, vatan obro‘-e’tiborini yuksaltirishga, yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qo‘shayotgan faxriylarni e’zozlash hamda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 79 yilligi munosabati bilan urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy rag‘batlantirish maqsadida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 20 000 000 (yigirma million) so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti belgilandi.

Farmonni bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan sarf-xarajatlar O‘zbekiston respublika budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi bilan birgalikda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga ushbu pul mukofoti tantanali hamda bayramona vaziyatda topshirilishini ta’minlaydi.

Ma’lumot uchun, 2023 yilda O‘zbekistonda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 18 mln so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: