O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov Britaniyaning Uorvik universiteti rektori, professor Styuart Kroft bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo".
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Britaniya ta’lim muassasalari o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda ikki tomonlama manfaatli rejalar muhokama qilindi.
Ma’lum qilinishicha, hozirgi kunda ushbu universitetda 10 dan ortiq o‘zbekistonlik talabalar va ilmiy tadqiqotchilar tahsil olmoqda.
Britaniya tomoni Uorvik universiteti O‘zbekiston yoshlari uchun muhandislik, axborot texnologiyalar, biznes, iqtisodiyot va marketing, huquq, xalqaro munosabatlar,jumladan, ingliz tilini mukammal darajada o‘rgatish sohalarida "El-yurt umidi" jamg‘armasi bilan ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.
Tomonlar Uorvik universiteti bilan O‘zbekistonning nufuzli oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik parametrlarini batafsil taqdim etish maqsadida "yo‘l xarita"sini ishlab chiqish xususida fikr almashdi.
Shuningdek, dual diploma tizimini yo‘lga qo‘yish, tomonlarning akademik hamda ilmiy salohiyatidan kelib chiqqan holda talaba va professor-o‘qituvchilarning qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekistonning muhandislik yo‘nalishlaridagi oliy ta’lim muassasalari va tadqiqot institutlari bilan hamkorlik o‘rnatish, shuningdek, respublika davlat xizmatchilari uchun nazariy va amaliy mashg‘ulotlardan iborat qisqa muddatli kurslarni tashkil etish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.