Respublikaning bir nechta hududida yod preparatlaridan bolalarning ommaviy zaharlanishi bilan bog‘liq jinoyat ishi tergovi doirasida uch nafar gumonlanuvchiga nisbatan ehtiyot chorasi o‘zgartirilgan. Bu haqda Kun.uz manbasi ma’lum qildi.
Jinoyat ishi doirasida, 2023 yil noyabr oyida jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudining ajrimi bilan Yo.X.To‘raqulov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktorining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari F.H., ushbu markaz laboratoriya mudiri, katta ilmiy xodim, Sog‘liqni saqlash vazirligi bolalar bosh endokrinologi N.A. va SSV Dori vositalari, tibbiy buyumlar va jihozlar muomalasini tartibga solish va muruvvat yordamini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i H.G‘.ga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Ular Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi, 205-moddasi (hokimiyat va mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi va 257-1-moddasi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurashish qoidalarini buzish) 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda gumonlangan.
Buning ortidan O‘zbekiston Vrachlar assotsiatsiyasi davlat rahbariga murojaat yo‘llab, shifokor olima ayollarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi noto‘g‘ri qo‘llanilganini ta’kidlagandi.
Manbaga ko‘ra, hozirda prokuratura ehtiyot chorasini o‘zgartirgan, gumonlanuvchilar garov evaziga ozod etilgan.
Jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.
“Antistrumin” ishi haqida
2023 yil 20 sentabrdan O‘zbekistonda “Yorqin millat” dasturi bo‘yicha bolalarni yod bilan ta’minlash ishlari boshlangandi. Yod preparatlari Sog‘liqni saqlash vazirligi va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimi orqali 3 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan barcha bolalar uchun bepul taqdim etilishi ko‘zda tutilgandi.
21 sentabr kuni Namangan viloyati Chust tumanidagi bog‘chaning ayrim tarbiyalanuvchilari orasida tana harorati ko‘tarilishi, qusish, qorin og‘rig‘i alomatlari kuzatilgani xabar berildi. Dastlabki shikoyat bo‘yicha 5 nafar bola shifoxonaga olib kelingan. So‘ngra jami 71 nafar bolaning sog‘lig‘idan shikoyatlar qayd etilgan va ular tezkorlik bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Keyinchalik Namanganda 450 nafar bola kasallangani ma’lum bo‘ldi. Buning ortidan maktab va bog‘chalarga tarqatilgan yod preparati iste’moli to‘xtatildi hamda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 2571-moddasi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurashish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Noyabr oyida o‘sha vaqtdagi sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov parlamentdagi chiqishida bolalarga yod preparati yuqori dozada berilganini tasdiqladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yil 4 fevral kuni sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova imzosi bilan sog‘liqni saqlash boshqarmalariga xat yuborilgan. Unda “Antistrumin” preparati yod yetishmasligi profilaktikasi uchun yil davomida haftada bir marta 3-7 yoshli bolalarga yarim tabletkadan, 8-15 yoshli bolalarga esa 1 tabletkadan qabul qilish ko‘rsatilgan.
Shuningdek, 2023 yilning 28 avgust kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining qo‘shma qarori bilan, 3-15 yoshdagi bolalarni yod preparatlari bilan bepul ta’minlash tartibi to‘g‘risida yo‘riqnoma tasdiqlangan. Yo‘riqnomaga ko‘ra, haftaning har chorshanba kuni maktab va bog‘chalarda bolalarga yod preparatini umumiy ichirish kuni sifatida belgilangan. Kaliy yod preparati haftada bir marotaba 3-6 yoshli bolalarga 500 mikrogrammdan, 7-15 yoshli bolalarga 1000 mikrogrammdan ichilishi tavsiya etilgan.