Bekor qilindi: 7-9 may kunlari Qoraqalpog‘istondagi yangi ko‘prik yopilmaydi

O‘zbekiston 12:33 / 07.05.2024 8814

“O‘zbekiston temir yo‘llari” Amudaryo tumanida Amudaryo ustidan o‘tgan yangi avtomobil va temiryo‘l ko‘prigi 7-9 may kunlari avtotransportlar harakati uchun to‘xtatilishi haqida xabar berib, so‘ng buni rad etdi.

Birlamchi xabarda (ayni paytda o‘chirilgan) Qipchoq – Blokpost stansiyalari oralig‘idagi temiryo‘l kesishmasini jihozlash bo‘yicha qo‘shimcha ishlar olib borilishi, shu sababli 7 may kuni soat 14:00 dan 9 may soat 14:00 gacha ko‘prikda avtotransport vositalari harakati vaqtincha to‘xtatilishi, bu davrda avtotransportlar harakati Qipchoq ponton ko‘prigi orqali amalga oshirilishi aytilgandi.

Bir necha soat o‘tib, kompaniya ko‘prik yopilmasligini ma’lum qildi.

“7-9 may kunlari Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasini bog‘lovchi ko‘prik yopilmaydi. Avtotransportlar qatnovi odatdagi rejimda davom etadi”, – deyiladi tuzatuvchi xabarda.

Ma’lumot uchun, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatini bog‘lovchi bu ko‘prik shu yil 29 fevralda ochilgan edi.

Ko‘prik uzunligi 423 metr. U bilan birga Shovot-Qorao‘zak bekatlarini bog‘laydigan 85 kilometrlik temiryo‘l hamda 3 ta vokzal ham barpo etilgan.

Bu inshoot samarasida yo‘lning o‘tkazish qobiliyati 4 barobarga oshib, bir kecha-kunduzda 12 ming avtomobil harakatlanadi. Natijada 48 ming yo‘lovchining 2 soat vaqti tejaladi va daryodan xavfsiz o‘tishi ta’minlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: