Ulush kiritish asosida uy-joy qurilishida qatnashish tartibi belgilanadi

O‘zbekiston 20:58 / 06.05.2024 7123

O‘zbekistonda uy-joylar qurishga jismoniy va yuridik shaxslarning pul mablag‘larini jalb qilishning zamonaviy mexanizmini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu – 30 aprel kuni imzolangan prezident farmonida belgilandi.

Farmonga ko‘ra, 2024 yil may oyida quyidagilarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi kerak:

  • “Shaffof qurilish” axborot tizimida uy-joylar qurishga jismoniy va yuridik shaxslarning pul mablag‘larini jalb qiluvchi pudrat tashkilotlarining elektron ro‘yxatini yuritish;
  • elektron ro‘yxatdan o‘tmasdan ulush kiritish asosida ko‘p qavatli uy-joylar qurishni boshlagan pudrat tashkilotlariga nisbatan javobgarlik choralarini belgilash;
  • ulush kiritish asosida uy-joylar qurilishini monitoring qilish tartibini belgilash;
  • ulush kiritish asosida ko‘p qavatli uy-joylarni qurishda ishtirok etish to‘g‘risidagi shartnomalarni majburiy ravishda notarial tasdiqlash tartibini joriy qilish.

Hujjatga asosan, ko‘p qavatli uy-joylarni qurish huquqi “Shaffof qurilish” axborot tizimidagi elektron reyting bahosi “C” va “CC” bo‘lgan qurilish tashkilotlariga ham beriladi.

Bunda elektron reyting bahosi “C” bo‘lgan tashkilotlarga 9 qavatdan yuqori bo‘lmagan uy-joylarni qurishga ruxsat etiladi.

Qurilishning belgilangan muddatlarini kechiktirish pudrat tashkilotining reytingini pasaytiruvchi omillar qatoriga qo‘shiladi.

Farmon asosida, 2024 yilda 4000 nafar fuqarolarning alohida toifalari (harbiy xizmatchilar)ni uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi. Dastur 2024 yil iyul oyida tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi ko‘zda tutilgan.

Ko‘proq yangiliklar: