Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi (keyingi o‘rinlarda - Kadastr agentligi yoki Agentlik) tizimida muqaddam sudlangan shaxslar faoliyat olib borayotgani va yana takror jinoyatlar sodir etayotgani aniqlangan. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.
Qayd qilinishicha, sohada firibgarlik yo‘li bilan pora berishga dalolat qilish va pora berish jinoyatini sodir etgan 127 nafar shaxsning 33 nafari yoki 26 foizi muqaddam shu kabi jinoyatlarni sodir etganligi uchun sudlangan.
«Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonuni 28-moddasida korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda sud tomonidan aybdor deb topilgan shaxslar davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinishi mumkin emasligi qat’iy belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, ushbu xodimlar qayta ishga olingani ta’kidlanmoqda.
Tahlillar kadastr sohasidagi korrupsiyaviy jinoyatlarning aksariyati xizmat mavqeidan foydalanib firibgarlik qilish, mansab soxtakorligi va hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish yo‘nalishlarida sodir etilayotganini ko‘rsatgan.
Qayd qilinishicha, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish bo‘yicha ham korrupsiyaviy holatlar mavjud bo‘lib, jumladan, egalik huquqini beruvchi hujjatlarni soxtalashtirish orqali fuqarolar ham, xodimlar ham jinoiy javobgarlikka tortilmoqda.
Mansab mavqeini suiiste’mol qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish jinoyatlari asosan yer ajratish tartibini buzish, qonunbuzilishi holatlariga ko‘z yumish, aniqlangan qonunbuzilishi holatlari haqida huquqni muhofaza qilish organlariga xabar bermaslik yo‘nalishlarda sodir etilgani ma’lum bo‘lgan. Ayniqsa, mahalliy hokimliklar huzuridagi yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiquvchi komissiyalarda kadastr sohasi xodimlari doimiy faoliyat olib borishi natijasida yer ajratish bilan bog‘liq jinoyatlar egalik huquqini beruvchi qarorlarni chiqarishga asos bo‘luvchi (qaror osti) hujjatlariga turli soxta ma’lumot va yozuvlarni kiritish, yerlarning toifalarini va egalarini o‘zgartirish kabi usullarda sodir etilgani aniqlangan.
Ta’kidlanishicha, korrupsiya holatlarining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar kuchaytirilganiga qaramasdan, kadastr sohasida hamon korrupsiyaviy omillar va xavf-xatarlar saqlanib qolmoqda.