May oyining dastlabki kunlari moliya bozorlari uchun juda ham muhim bo‘ldi. Xususan, 1 may kuni Federal zaxira tizimi (FZT) foiz stavkasini o‘zgarishsiz, 5,5 foizda qoldirdi, Jyerom Povel esa so‘nggi makroiqtisodiy ma’lumotlar bo‘yicha rasmiy izoh bildirdi. U yoqilg‘i qimmatlashishi tufayli inflyatsion holat salbiy o‘zgarishlarga duch kelayotgan bo‘lsa-da, hozirda stavkani ko‘tarish to‘g‘risida o‘ylamayotganini aytib, bozor ishtirokchilarini tinchlantirishga urindi. Biroq u foiz stavkasi 2 foizgacha tushishi borasida qattiq monetar siyosatini barcha o‘ylaganidan uzoqroq olib borishini yana bir bor qaytarib o‘tdi. Hafta oxirida e’lon qilingan ishsizlik darajasi AQSh fond bozoriga biroz pozitivlik olib keldi. Aprel oyida ishsizlar soni 0,1 foiz oshib, 3,9 foizga ko‘tarilishi investorlarga stavka tushirilishi bo‘yicha qo‘shimcha umid baxsh etdi.
Jahon Insighs kanali ekspertlari 29 apreldan 3 maygacha bo‘lgan davrda Xalqaro moliya bozorida sodir bo‘lgan eng muhim voqealarni tahlil qilib chiqdi.
AQSh top fond bozorlari indeksi:
· S&P500 – 5127 (hafta boshidan +0,55 foiz, yil boshidan +7,51 foiz);
· NASDAQ – 17890 (hafta boshidan +0,97 foiz, yil boshidan +6,33 foiz);
· DJI – 38675 (hafta boshidan +1,14 foiz, yil boshidan +2,62
foiz).
AQSh fond indekslari aprel oyining dastlabki bir necha haftasidagi ketma-ket korreksiyadan keyin yana o‘sishni boshladi. Hisobot haftasida Dow Jones indeksi 437 punkt, NASDAQ 173 punkt, C&P500 esa 30 punkt o‘sishga muvaffaq bo‘ldi.
Asosiy qimmatbaho metallar:
· Oltin – 2301 dollar (1 unsiyasi) hafta boshidan -1,54 foiz, yil boshidan +11,6 foiz;
· Kumush – 26,5 dollar (1 unsiyasi) hafta boshidan -2,28 foiz, yil boshidan +11,8 foiz;
· Alyuminiy – 2542 dollar (1 tonnasi) hafta boshidan -0,41 foiz, yil boshidan +6,75 foiz:
· Mis – 4,5 dollar (1 funti) hafta boshidan -0,42 foiz, yil boshidan +17,2 foiz.
Qimmatbaho metallarning barchasi korreksiyani boshidan o‘tkazdi. Masalan, alyuminiy va oltin mos ravishda 11 dollar va 36 dollarga, kumush hamda mis 62 va 2 sentga arzonlashdi.
Neft
· WTI – 77,93 dollar (hafta boshidan -6,83 foiz, yil boshidan +9,31 foiz);
· BRENT – 82,78 dollar (hafta boshidan -6,01 foiz, yil boshidan +7,45 foiz).
Hafta davomida neftning WTI markasi 5,72 dollarga, BRENT esa 5,29 dollarga arzonlashdi.
Valutalar
· USD/EUR: +0,63 foiz (yil boshidan -2,53 foiz);
· CNY/USD: -0,09 foiz (yil boshidan +2 foiz);
· TRY/USD: -0,43 foiz (yil boshidan +9,38 foiz);
· UZS/USD: -0,06 foiz (yil boshidan +2,85 foiz);
· RUB/USD: -0,46 foiz (yil boshidan +2,35 foiz).
Fundamental omillar tufayli bozorda yuzaga kelgan tebranishlar dollarning pasayishiga sababchi bo‘ldi va o‘z navbatida boshqa valutalar pozitsiyalarini mustahkamladi. Yevro va rubl hafta mobaynida 0,63 foiz va 0,46 foizga, lira, yuan va so‘m esa 0,43 foiz, 0,09 foiz va 0,06 foizga ko‘tarildi.
Kriptovaluta
· Bitcoin – 62937 dollar (hafta boshidan -0,39 foiz, yil boshidan +48,4 foiz);
· Ethereum – 3104 dollar (hafta boshidan -4,86 foiz, yil boshidan +36,01 foiz).
Asosiy kriptolar tebranishni davom ettirmoqda. Hafta davomida Bitcoin 0,39 foizga, Ethereum 4,86 foizga pasaydi.
Bozorlar haqida qisqacha
Global jihatdan olib qaraganda amaldorlar uchun yuzaga kelgan noodatiy holat ularni yanada jiddiy yondashishga undamoqda. Chunki global tinchlikka tahdid qilayotgan katta xavflar, keng qamrovli qattiq monetar siyosat (ya’ni dunyoning bir necha regionida foiz stavkalari ko‘tarilishi) oqibatida global iqtisodiyot sekinlashishi, xususan AQShda prezidentlik saylovlari yaqinlashayotgan bir paytda inflyatsion fon yomonlashishi markaziy banklar raislarini qiyin qarorlarni qabul qilishga majbur qilmoqda. Shunga qaramay, bozor ishtirokchilari stavkani pasaytirish bo‘yicha o‘zlarining yangidan yangi prognozlarini taqdim qilishda davom etib kelishmoqda. Xronologik olib qaraganda 2024 yil yanvar oyida yil so‘ngigacha 5-6 marotaba stavka pasayishi prognoz qilingan bo‘lsa, aprel oyining ikkinchi yarmida ularning ishonchi 1 marotabagacha tushib ketgan edi. Biroq so‘nggi ishsizlik ko‘rsatkichi biroz optimizm taqdim etdi.
Eslatma! Taqdim qilingan ma’lumotlar muallifga tegishli bo‘lib, 29 apreldan 3 maygacha bo‘lgan vaqt oralig‘idagi moliya bozorida yuz bergan o‘zgarishlar asosida tayyorlangan. Ushbu maqola investitsion maslahat emas.