Toshkentda ko‘p yillik daraxt qulab tushdi. Oqibatda 1 yoshli bola nobud bo‘ldi, bir ayol jarohatlandi, yana bir fuqaroning qimmatbaho avtomobiliga zarar yetdi. Kun.uz hodisa sabablarini o‘rgandi. Surishtiruvda daraxt qulashiga Veolia Energy Tashkent issiqlik yetkazib berish kompaniyasi xodimlari va boshqa mas’ul idoralarning mas’uliyatsizligi hamda harakatsizligi sabab bo‘lgani oydinlashdi.
3 may kuni tarmoqlarda Toshkentning Chilonzor tumani 5 mavzesi Ko‘rkam mahallasida ko‘p yillik daraxtning qulashi oqibatida 1 yoshli qizaloq vafot etdi. Qizaloq bilan sayrga chiqqan enagasi esa tan jarohati oldi. Kun.uz muxbiri hodisa sodir bo‘lgan hududda bo‘lib, tafsilotlarni o‘rgandi.
Shu yerdagi chiqindixona xodimining aytishicha, daraxt qulagan vaqtda bola va ayolning ustiga kattagina shox kelib tushgan.
“Men [chiqindixonada] ishlayotgandim, qarsillagan tovush eshitildi. Qarasam, bir ayol “kolyaska”da bolachasi bilan narigi betdan kelayotgan ekan. Men ko‘rgandim kelayotganini, qarsillagan vaqtda ko‘rsam, daraxt qulabdi. Bitta novdachasi kelib enagasi bilan bolaga tushdi. Ayolning yelka va qo‘lini siyirib [shilib], bolaning boshiga tushdi. Bolaning yuzi ko‘m-ko‘k bo‘lib qoldi.
Tez yordam kelguncha bola tipirchilab o‘lib qoldi. Bolaning onasini telefon qilib chaqirishdi, yoshgina qiz ishdan yetib keldi”, – dedi voqeaga guvoh erkak.
Daraxtning qulashi oqibatida hududda yashovchi fuqarolardan birining mulkiga ham zarar yetgani ma’lum qilindi.
“Soat 12 larga yaqin qo‘shnim avtomobilim ustiga daraxt tushgani haqida telefon qildi. Chiqdim, qarasam avtomobil ustiga daraxt tushgan, “kolyaska”da bir yosh bola o‘lgan, joyida 1 yoshli bola vafot etgan.
Mana endi kelib joyni o‘rashyapti, 5 kun oldin qazib ketishgandi. Ish boshlashdan oldin qilish kerak edi-ku hamma ishni. Daraxt yaxshi turgandi, ekskavator kovlagandan keyin ildizi bilan ag‘anab tushgan”, – deydi avtomobiliga zarar yetgan fuqaro.
“Issiqlik tizimini ta’mirlamoqchi bo‘lishgan, suv oqqan, shuni tuzatmoqchi bo‘lishgan. Kelsam shu holat, bir narsa deya olmayman, men ham shokdaman.
Toshkent shahar ekologiya boshqarmasiga qurigan daraxtlarni kesish bo‘yicha so‘rov yuborilgan. Mahalla “obod mahalla” dasturiga tushgan, har bir qurigan daraxt bo‘yicha so‘rov berilgan. Navbat-navbat bilan kesib, tayyorlab kelishgan edi”, – dedi “Texno hudud” BSK rahbari Alimardon Valijonov.
Toshkent shahar botanika bog‘i bo‘lim boshlig‘i Atirgul Xolmirzayevaning aytishicha, qulab tushgan daraxtning yoshi juda katta bo‘lib, u ildiz qismidan chirib bo‘lgan, yuqori shoxlari esa qurib ketgan.
Mutaxassisga ko‘ra, ko‘p yillik daraxt bir kunmas bir kun qulab tushishi aniq edi, ammo bu holatda mas’ullarning ehtiyotsizligi oqibatida jarayon tezlashib ketgan.
“Bu daraxtning biologik yoshi tugagan, oxirgi yillarini yashayotgan bo‘lgan. Birinchidan buning tagi issiq suv, parlanib yotganini ko‘ryapsizmi? Bu par qayerga boradi, daraxtga boradi. O‘zi tamom bo‘lib turgan daraxtni battar chiritib yuborgan. Uning taglarida ushlab turadigan ildizi yo‘q. Ildizlari chirigan, tagi yumshatilganidan keyin og‘irlik shoxlari tomon qulagan. Ildizi ushlamaganidan keyin qayer og‘ir bo‘lsa, o‘sha yerga qarab egilib ketgan.
Endi bularda ham ayb bor, shu jarayonni amalga oshirayotganda bu yerga odam kelmasligi uchun atrofiga muhofazalovchi narsalarni qo‘yishi kerak edi. Yoki shu yerda yashovchi odamlardan qo‘yib, bu yerda yurmasligini ta’minlashi kerak edi.
Shaharda bunaqangi yoshi katta daraxtlar juda ko‘p. Shuning uchun Ekologiya [vazirligi] ekspert komissiya qiladimi, boshqa qiladimi, botanika bog‘i, o‘rmon xo‘jaligidan vakillar bilan yurib, shu daraxtlarning hammasiga xulosa berishi kerak. Bo‘lmasa, bunday holatlar bo‘laveradi”, – dedi Xolmirzayeva.
Tahririyat manbasining ham tasdiqlashicha, voqeada daraxt oldini qazib, hududni muhofaza qilmagan mas’ullar aybdor. Hatto jarayonda daraxtning yonini qazish uchun tegishli tashkilotlardan ruxsat ham olinmagan bo‘lishi mumkin.
Surishtiruvimiz davomida hududga Chilonzor tumani hokimiyati vakillarining kelganini ham payqadik. Ammo izoh olishga uringanimizda mutasaddilar birdaniga yo‘q bo‘lib qolishdi. Hokimiyat vakili bilan sayr qilib yurganlar esa tadbirkor ekanini, mahalladagi yerlarni o‘rganib yurishganini ma’lum qildi.
Kun.uz holat yuzasidan Chilonzor tumani ekologiya bo‘lim boshlig‘i Dilshod Sadirov bog‘landi. Uning aytishicha, hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda, xulosa asosida qo‘shimcha ma’lumot taqdim qilinadi.
Ayni vaqt holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Dilshoda Shomirzayeva
Abduqodir To‘lqinov
Asror Almurodov
Kun.uz