Olimpiada yo‘llanmasi, Soliq qo‘mitasining “ishtahasi” va zaiflashgan so‘z erkinligi - hafta dayjesti

O‘zbekiston 23:17 / 04.05.2024 17038

O‘zbek futboli oxirgi 30 yildagi eng katta yutug‘ini qo‘lga kiritdi. So‘z erkinligi reytingida O‘zbekistonning o‘rni yana pasaydi. Uy-joy va avtomobil oldi-sotdisi naqd pulsiz shaklga o‘tkazilishi mumkin. Toshkentning 100 ta mahallasida kutubxona ochilyapti. Rasmiy kambag‘allik chegarasi yangilandi. Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa xabarlari – Kun.uz dayjestida.

Futbol: O‘zbekiston – Olimpiadada

Hafta quvonchli voqea bilan boshlandi: O‘zbekiston o‘z tarixida birinchi marta Olimpiya o‘yinlarida sportning jamoaviy turi bo‘yicha ham ishtirok etadigan bo‘ldi. Dushanba kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya jamoasi Qatarda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionati yarimfinalida Indoneziyani 2:0 hisobida mag‘lub etib, finalga chiqish bilan birga, Olimpiada uchun Osiyo qit’asiga ajratilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri 3 ta yo‘llanmadan birini qo‘lga kiritdi.

Temur Kapadze shogirdlari finalda Yaponiyadan ustunlik qilib, 91-daqiqada o‘tkazib yuborilgan gol evaziga chempionlikni boy berdi. Jamoamiz 99-daqiqada penaltidan foydalana olmagan bo‘lsa-da, turnir davomida ko‘rsatilgan o‘yin va qayd etilgan natijalar sabab muxlislar olqishiga sazovor bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston olimpiya jamoasi avvalgi Osiyo kubogida ham kumush medal sovrindori bo‘lgandi.

Fransiyada o‘tadigan olimpiya o‘yinlarining futbol turniri 24 iyuldan boshlanadi. Unda debyutant O‘zbekiston Ispaniya, Misr va Dominikan Respublikasi bilan bir guruhdan joy olgan. Guruhdagi birinchi o‘yin 24 iyul kuni Parijda O‘zbekiston va Ispaniya jamoalari o‘rtasida kechadi. O‘yinda har ikki mamlakat o‘z qit’asining amaldagi vitse-chempioni maqomida maydonga chiqadi.

Matbuot erkinligi reytingida yana pasayish

Bosh qarorgohi Parijda joylashgan “Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro nodavlat tashkiloti 3 may – matbuot erkinligi kuni munosabati bilan an’anaviy matbuot erkinligi reytingini e’lon qildi. Unda O‘zbekiston bir yil oldingiga qaraganda 11 pog‘onaga pastlab, 148-o‘rinda qayd etildi. Xalqaro kuzatuvchilar O‘zbekistonni matbuot erkinligi bo‘yicha vaziyat “murakkab” bo‘lgan davlatlar qatoridan, ahvol “juda jiddiy” bo‘lgan davlatlar qatoriga o‘tkazdi. Bu toifadagi mamlakatlar xaritada to‘q qizil rangda ko‘rsatilgan.

“Chegara bilmas muxbirlar” O‘zbekistondagi matbuot erkinligi holatini 100 balldan 37 ballga baholagan. 2022-2023 yillardagi hisobotlarda bu ko‘rsatkich 45 ball edi. Reytingga asos bo‘luvchi 5 ta yo‘nalish orasidan bu yil O‘zbekistonga siyosiy indikator bo‘yicha sezilarli kamroq ball berilgan.

“Prezident Islom Karimovning vafotidan keyin ommaviy axborot vositalari uchun sharoitlar birozgina yaxshilandi, hokimiyatdagi shaxslarni tanqid qilish juda murakkabligicha qolmoqda”, deya qayd etgan hisobot mualliflari. Kuzatuvchilarning ta’kidicha, O‘zbekistonda matbuot erkinligini kafolatlovchi huquqiy islohotlarga zarurat saqlanib qolyapti. Mamlakatda senzura, kuzatuv va o‘z-o‘zini senzura qilish holatlari keng tarqalgan, deyiladi hisobotda.

Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish loyihasi

Vazirlik va idoralar yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha rejalarni ishlab chiqib, tegishli prezident qarori loyihasini tayyorlagan. Ma’lum bo‘lishicha, bu rejalar qatorida ancha keskin o‘zgarishlarni nazarda tutuvchi normalar ham bor.

Masalan, ulgurji savdoni to‘liq naqdsiz shaklga o‘tkazish taklif etilyapti. Uy-joy, ko‘chmas mulk va avtotransport vositalari sotuvini ham faqat naqd pulsiz hisob-kitoblar asosida amalga oshirish masalasi ko‘tarilgan. Bu jismoniy shaxslarga ham, yuridik shaxslarga ham taalluqli bo‘lishi mumkin. Loyihada yozilishicha, avtomobil yoki uy-joy oldi-sotdisini notarial tasdiqlash uchun bankdan ma’lumotnoma olish kerak bo‘ladi.

Davlat idoralari muhokama qilayotgan yana bir taklifga ko‘ra, 1 iyuldan e’tiboran naqd pul orqali qilingan xaridlar uchun keshbek to‘lash to‘xtatilishi mumkin. Ya’ni QR-kodli chek summasidan 1 foizlik keshbek qaytarish tartibini faqat naqdsiz, ya’ni terminal yoki onlayn ilovalar orqali qilingan to‘lovlarga taalluqli deb belgilash taklif qilingan. Eslatib o‘tamiz, shu yildan boshlab oylik keshbekning maksimal miqdoriga 204 ming so‘mlik cheklov kiritilgan edi.

Shuningdek, agar hujjat qabul qilinsa, quruvchi firmalarning soliq to‘lashdan qochishi qiyinlashishi mumkin: loyihada qurilish korxonalari tomonidan jismoniy shaxslarga ko‘chmas mulk obektlari sotilganida, soliq bazasi har bir kvadrat metrga minimal miqdordan kelib chiqib hisoblanishi ko‘zda tutilgan. Bu degani, quruvchi firma xaridorga ko‘chmas mulkni kvadratini 10 mln so‘mdan sotib, qog‘ozda 1 mln so‘m ko‘rsatsa ham, soliq to‘lashga kelganda, belgilab qo‘yilgan eng kam me’yorlar bo‘yicha hisob-kitob qilinadi.

Qaror loyihasida QQSni qaytarish muddatini 60 kundan 75 kunga uzaytirish, aylanmadan olinadigan soliqning qat’iy belgilangan miqdorlarini bekor qilish, soliqchilarga tadbirkorning hududiga kirish vakolatini berish ham ko‘zda tutilgan. Soliq qo‘mitasi so‘rayotgan yana bir vakolat esa yana kartadan kartaga pul o‘tkazmalariga taalluqli. Unga ko‘ra, o‘tkazmalar muayyan chegaradan oshgan taqdirda, bu haqda banklar soliq idoralariga xabar berishi kerak. Eslatib o‘tamiz, Soliq qo‘mitasining bank sirlari to‘g‘risidagi qonunchilikka zid bunday urinishi roppa-rosa bir yil oldin prezident farmoni bilan to‘xtatilgan edi.

Jurnalistlar yuqoridagilarni o‘z ichiga olgan qaror loyihasidan xabar topib, bu haqda ma’lumot tarqatgach, reja qilinayotgan choralar ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘ldi. Shundan keyin Soliq qo‘mitasi loyihani jamoatchilik muhokamasiga chiqarishga va’da berdi. Rasmiylarga ko‘ra, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish dasturi jamoatchilik va prezident huzuridagi tadbirkorlar kengashining takliflari asosida qayta ko‘rib chiqiladi.

Kvartplata”dan qarzi borlarning sveti o‘chirib qo‘yiladi

Ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar va shirkatlar bilan bog‘liq qator muammolar bo‘yicha soha mas’ullari yangi yechimni taklif qilyapti. Ma’lumki, ko‘p holatlarda aholi vakillari “JEK”ni sifatli xizmat ko‘rsatmaslikda ayblaydi, ikkinchi tomon esa odamlar pul to‘lamayotganidan yozg‘iradi. Natijada ko‘p qavatli uylarning yerto‘lasidan boshlab tomigacha muammolar yig‘ilib boraveradi, bundan esa to‘lov intizomi yuqori uy egalari eng ko‘p jabr ko‘radi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatovning aytishicha, bu holatga barham berish uchun “kvartplata”dan qarzi bor xonadonlarning elektr ta’minotini to‘xtatib qo‘yish rejalashtirilyapti. Ya’ni JEKdan qarzdor xonadonlar qarzini uzmaguncha svetsiz o‘tirishiga to‘g‘ri keladi.

“Bitta ko‘p qavatli uyda 50 ta xonadon bo‘ladigan bo‘lsa, 40 ta xonadon o‘z vaqtida to‘lasa va 10 ta xonadon to‘lamagani uchun xizmat ko‘rsatilmasa. Nega 40 ta xonadon egalari to‘lamagan 10 ta xonadon uchun bu xizmatdan foydalana olmasligi kerak? Ko‘p qavatli uylarda yashovli aholiga xizmat qilishni xohlaymiz, lekin to‘lov masalasida ko‘p narsalar kelib chiqyapti. Shu muammolarni bartaraf etish uchun ham qilingan bu”, – dedi Sherzod Hidoyatov.

Bunday tizimni butun respublikada joriy etishdan avval, odamlarning to‘lov intizomi yuqoriligi bilan ajralib turadigan Navoiy shahrida sinovdan o‘tkaziladi. Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, “kvartplata” to‘lovlari borasida billing tizimi ishlab chiqilib, elektr tarmoqlari bilan integratsiya qilingan. Endi faqat tegishli qonunga o‘zgartirish kiritish masalasi qolgan. Bu qonun bilan, avvalroq xabar berganimizdek, chiqindi to‘lovlari ham elektr energiyasiga bog‘lab qo‘yilishi mumkin.

Kursk oblasti migrantlarning kirakashlik qilishiga taqiq qo‘ydi

Rossiyada migrantlarga taksi haydovchisi bo‘lib ishlash taqiqlangan hududlar ro‘yxatiga Kursk oblasti ham qo‘shildi. Oblast guberniyasidan ma’lum qilishlaricha, bunday qarorga kelishdan oldin ijtimoiy tarmoqda so‘rov o‘tkazilgan. So‘rovda 42 mingdan ortiq kishi qatnashib, ularning 82 foizi taqiqni qo‘llab-quvvatlagan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ayni paytga kelib Rossiya regionlarining taxminan uchdan bir qismida migrantlarning u yoki bu sohada ishlashi bo‘yicha cheklovlar amal qilmoqda.

Hafta davomida Tojikiston fuqarolari bilan bir qatorda, O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari ham Rossiyaga kirishda qiyinchiliklarga duch kela boshlagani haqida xabarlar tarqaldi, lekin Migratsiya agentligi buni rad etdi. Agentlik o‘z o‘rganishlariga tayanib ma’lum qilishicha, O‘zbekiston fuqarolari Rossiyaga aeroportlar va yerusti chegara punktlari orqali to‘siqlarsiz kirib chiqyapti. Xususan, Moskva aeroportlarida O‘zbekiston fuqarolarini uzoqroq vaqt ushlab turish kabi holatlar kuzatilmayapti.

Bunday holatlarga Krokus teraktidan keyin eng ko‘p Tojikiston fuqarolari duch kelyapti. Aprel oyi oxirida Moskva aeroportlarida mingdan ortiq tojikistonlik Rossiyaga kiritilmay ushlab turilganini ma’lum bo‘lgandi. Shu va boshqa holatlar ortidan dushanba kuni rasmiy Dushanbe rus elchisiga nota topshirdi. Notada Rossiyadagi Tojikiston fuqarolarining huquq va erkinliklari ommaviy tarzda poymol qilinayotgani, bunday xatti-harakatlar faqatgina Tojikiston fuqarolariga nisbatan bo‘layotgani ta’kidlangan. Rossiya tomoni buni rad etib, xavfsizlik kuchaytirilgani munosabati bilan joriy etilgan choralar barcha davlatlar fuqarolariga birdek taalluqli ekanini bildirgan. Payshanba kuni Qirg‘iziston hukumati ham o‘z fuqarolariga Rossiyaga bormay turishni maslahat berdi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

O‘zbekistonda rasmiy kambag‘allik chegarasi yangilandi. 1 maydan boshlab minimal iste’mol xarajatlari miqdori 27 ming so‘mga oshirilib, kishi boshiga 1 oyga 648 ming so‘m deb belgilandi. Shunga asosan, may oyidan eng kam pensiya miqdori ham 648 ming so‘mga yetkazildi. Bu – gaz va elektr energiyasi bo‘yicha oshirilgan tariflar kuchga kirgani bilan bog‘liq. Hafta davomida, shuningdek, davlat bog‘chalarida bolalar ta’minoti uchun to‘lovlarning yangi miqdorlari tasdiqlandi. Rasmiylarga ko‘ra, bu to‘lovlar oxirgi uch yil davomida o‘zgarmay kelgan, shuning hisobiga ota-onalarning to‘lovlari bolalarning ovqatlanish xarajatlarini qoplashi darajasi 35 foizga tushib qolgan.

Xorijiy investorlar aksiyalardan oladigan dividendlari bo‘yicha soliqlardan 3 yilga ozod etiladi. Bundan tashqari, xorijiy investorlarga yerlarni ijaraga berish muddati 49 yilgacha uzaytiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent investitsiya forumida aytib o‘tdi. Davlat bozor munosabatlarini rivojlantirish, investorlar huquqlarini himoya qilish, halol raqobat, xususiy mulk daxlsizligi va sud tizimining mustaqilligini ta’minlashni o‘z zimmasiga olmoqda, dedi davlat rahbari.

Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani prokurori o‘rinbosari qo‘lga olindi. U sudda ko‘rilayotgan jinoyat ishi bo‘yicha aybdorga jazo tayinlashda yengillik qilib berishni va’da qilib, 2 ming dollar olayotgan paytida ushlangan. Buxoroda esa restavratsiya markazi mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ular tarixiy yodgorliklarni ta’mirlashga ajratilgan 3,3 mlrd so‘mni talon-toroj qilishda gumonlanyapti.

Tijorat banklari Toshkent shahridagi 100 ta mahallada kutubxona tashkil etyapti. Bu maskanlar 1 maydan boshlab birin-ketin ishga tusha boshladi. Prezident maslahatchisining o‘rinbosari Timur Ishmetovning ma’lum qilishicha, banklar Buxoro viloyatining Olot tumanida kutubxona ochgan kitobxon Shahnoza Navro‘zovadan ilhomlangan. Loyihaga “Mahalla kutubxonasi” deb nom berilgan. Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda kutubxonalar soni 2000 yildagi 6027 tadan 2021 yilda 402 tagacha qisqarib ketgan.

Ko‘proq yangiliklar: