Ko‘rish qobiliyatini yo‘qotgan ukrain harbiylari hayoti
Fevral oyida Ukraina urushda ko‘rish qobiliyatini yo‘qotgan askarlar va tinch aholi vakillarini bepul o‘qitish bo‘yicha dasturni ishga tushirgandi. Oliy Rada saytiga ko‘ra, dastur kundalik va ish ko‘nikmalarini, shuningdek ruhiy yordam ko‘rsatishni o‘z ichiga oladi. Loyiha tashabbuskorlaridan biri, Oliy Rada deputati Anna Purtova The Washington Post muxbiriga aytishicha, so‘nggi ikki yilda Ukraina qurolli kuchlarining kamida mingta jangchisi ko‘zidan ayrilgan. Nashrning aniqlik kiritishicha, ukrain shaharlari hozircha so‘qir odamlar harakati uchun moslanmagan: svetoforlar piyodalarga signal bermaydi, mashinalar ko‘pincha trotuarlarga joylashtiriladi, yo‘l ko‘rsatuvchi kuchuklar esa juda kam uchraydi.
Rossiyaning Odessadagi pochta terminaliga zarbasidan keyingi yong‘in
Rossiya qo‘shini deyarli har kuni Odessa bo‘ylab raketa zarbalari bermoqda va dronlar bilan hujum qilmoqda. Bu hujumlar nishoni energetika obektlari va port infratuzilmalari, turar joylar va ma’muriy binolar, sanoat korxonalari hamda omborxonalar bo‘lmoqda. Quyidagi fotolarda — 2024 yil 29 aprel kuni yo‘llangan shunday zarbalardan biri oqibatlari aks etgan.
Kreminna atrofidagi ukrain harbiylari
Rossiya qo‘shini 2022 yil bahorida Luhansk oblasti shimolidagi Kreminna shahrini egallab olgandi, keyin esa ushbu shahar atrofida joylashgan Serebryanskiy o‘rmonchilik xo‘jaligini egallash uchun behuda urinishlarni amalga oshiradi. Ushbu hudud uchun janglar turlicha intensivlikda ikki yildan buyon davom etadi. Frontning ushbu uchastkasida mudofaalanayotgan ukrain bo‘linmalari qatorida — bosqin boshida Mariupolni himoya qilgan «Azov» brigadasi ham bor. «Azov» 2023 yil avgustida qaytadan tiklangan va Ukraina milliy gvardiyasi ma’lumotiga ko‘ra, «Luhansk oblastidagi Serebryanskiy o‘rmonchilik xo‘jaligi hududida jangovar topshiriqlarni bajarishga kirishgan».
Ukraina qurolli kuchlarining dron operatorlari
Ukraina qurolli kuchlari «Edelveys» 10-alohida tog‘-shturm brigadasi 2016 yildan Donbassdagi aksilterror amaliyotlarda (ATO) ishtirok eta boshlagan. Keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan keyin brigada Kiyev oblastini ozod etadi, 2022 yil mayidan buyon Donetsk oblastida jang qilmoqda. Hozirda u yerda frontning Ukraina qurolli kuchlari uchun eng muammoli uchastkasi joylashgan. Rossiya qo‘shini Baxmut g‘arbidagi Chasiv Yar shahrini shturm qilishga hozirlanmoqda — bu tepalikda joylashgan tayanch punkti bo‘lib, Ukraina razvedkasi rahbari o‘rinbosari Vadim Skibitskiyning hisoblashicha, ushbu shaharni egallagach, Rossiya armiyasi uchun Donetsk oblastining okkupatsiya qilinmagan so‘nggi yirik shaharlariga yo‘l ochiladi.
Okkupatsiya qilingan Popasnaya
2022 yil bahorida Rossiya qo‘shini Luhansk oblastining Popasnaya shahrini egallab olgandi. Shahar bir necha oy davom etgan shiddatli janglardan keyin deyarli butkul vayron bo‘lgan.
Okkupatsiya ostidagi Tokmak o‘qqa tutilishi
Ukrainaning Zaporijjya oblastidagi Tokmak shahri 2022 yil martidan buyon Rossiya okkupatsiyasi ostida qolmoqda. Keng ko‘lamli urushga qadar Tokmakda 30 mingdan ortiq kishi yashagan. U yerda hozirda qancha odam qolgani — noma’lum. 2022 yil 7 may kuni «Ukrinform» nashri Tokmak meri Igor Kotelevskiy halok bo‘lganini ma’lum qilgandi. U bu lavozimda 2009 yildan buyon ishlab kelgan, 2022 yil bahorida esa rossiyalik harbiylar bilan hamkorlik qilish hamda vakolatlarini topshirishdan bosh tortgan, ammo shaharda qolishda davom etgandi. «Ukrinform»ning tasdiqlanmagan ma’lumotlariga ko‘ra, Kotelevskiy o‘z joniga qasd qilgan bo‘lishi mumkin. Zaporijjya oblastining Rossiya tomonidan tayinlangan ma’muriyati vaqti-vaqti bilan Tokmak Ukraina qurolli kuchlari tomonidan o‘qqa tutilishi va qurbonlar haqida xabar berib turadi. 3 may kuni region «gubernatori» Yevgeniy Balitskiy Ukraina harbiylari shahardagi besh qavatli binoni o‘qqa tutganini ma’lum qildi.
Poklonnaya tog‘ida 300 metrlik Georgiy lentasi
3 may kuni Moskvaning Poklonnaya tog‘idagi G‘alaba parkida «Buyuk G‘alaba ramzlari» nomli aksiya o‘tkazildi. Uning ishtirokchilari 300 metrlik Georgiy lentasi va 1945 yil mayida Reyxstag ustida o‘rnatilgan tug‘ning 20 metrlik nusxasini yoyishdi. Aksiya hukumatparast yoshlar harakatlari — «Yagona Rossiya yosh gvardiyasi», «Ko‘ngillilar rotasi» va «Yunarmiya» tomonidan tashkillashtirilgan. «Yosh gvardiya» raisi Anton Demidov NTV telekanaliga harakat ishtirokchilari xuddi shu lentani Ukrainaning anneksiya qilingan hududlari — Mariupol, Melitopol va Donetsk oblastidagi sovetlar yodgorlik majmuasi o‘rnatilgan Saur-Mogila qo‘rg‘onida olib o‘tishganini aytgan.