Zo‘ravonlikka uchragan ayollarga mahalla darajasida yordam ko‘rsatiladi 

O‘zbekiston 22:39 / 03.05.2024 3655

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 may kuni ijtimoiy xizmatlar tizimini yanada takomillashtirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi. 

Yig‘ilishda xodimlari sonining kamida 50 foizi nogironligi bor shaxslardan iborat bo‘lgan barcha tashkilotlar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarning mahsulotlarini davlat buyurtmasi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida xarid qilishga ruxsat berish taklif etilgan. Buning natijasida 3 mingga yaqin tadbirkor tomonidan qo‘shimcha 20 mingga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlash imkoni yaratiladi. 

O‘zbekistonda tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollarga mahalla darajasida ko‘rsatiladigan xizmatlar yo‘q. Tuman darajasidagi amaliy yordam sifati ham yuqori emas. Shu bois zo‘ravonlik holatlarida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishning 3 bosqichli yangi tizimini joriy etish taklif qilinmoqda. Unga ko‘ra, mahalla darajasida  ijtimoiy xodim, profilaktika inspektori va xotin-qizlar faoli tomonidan tazyiq holati o‘rganilib, doimiy kuzatib boriladi. Tuman miqyosida «Inson» markazlarida himoya orderi talab qilmasdan psixologik, huquqiy va boshqa turdagi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi. Shifoxonalarning shoshilinch bo‘limlarida birlamchi ko‘mak xonalari tashkil etiladi. 

Viloyat darajasida reabilitatsiya markazlarida ariza talab etmagan holda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish shartnomasiga muvofiq 6 oygacha boshpana va chuqur reabilitatsiya qilish uchun psixologik va huquqiy xizmatlar ko‘rsatiladi. 

Bundan tashqari, ta’lim va mehnat munosabatlarida zo‘ravonlikning oldini olish choralari ham ko‘riladi. Bunda himoya orderini berish bilan bir vaqtda zo‘ravonni «tuzatish» dasturi ishlab chiqiladi va «Inson» markazi bilan kelishgan holda amalga oshiriladi. Ichki ishlar organlari tomonidan zo‘ravonlarning reyestrini yuritish tartibi joriy etiladi. 

Zo‘ravonlikka uchragan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar standarti ishlab chiqiladi. Bu sohada nodavlat notijorat tashkilotlari rivojlantiriladi. 

Davlat rahbari bu takliflarni ma’qullab, ularni manzilli yo‘lga qo‘yish, har bir ayol uchun munosib turmush va mehnat sharoitlari yaratish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.

Ko‘proq yangiliklar: