Xorijiy investorlar kengashi doirasida 4 yo‘nalishda ishchi guruhlar tashkil etiladi

O‘zbekiston 13:05 / 03.05.2024 4152

Ko‘ksaroyda prezident huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining ikkinchi yalpi majlisi boshlandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda jahonning yetakchi kompaniyalari va moliya institutlari rahbarlari bo‘lgan yaqin hamkorlar va yangi sheriklar ishtirok etayotganidan mamnunligini bildirdi.

“Hukumat hamda investorlar o‘rtasida ochiq va samarali muloqotning yo‘lga qo‘yilgani barqaror iqtisodiy taraqqiyotning asosiy kalitidir. Shu sababli bugungi zamon bilan hamnafas qadam tashlab, o‘z oldimizga aniq rejalarni qo‘yishga va sa’y-harakatlarimizni yanada uyg‘unlashtirishga chaqiraman”, - dedi prezident.

Davlat rahbari kengash doirasida to‘rtta yo‘nalishda ishchi guruhlarni tashkil etish va ularni to‘liq amalga oshirishda faol ishtirok etishga taklif etdi.

Birinchidan, kapital bozorini rivojlantirish. Bu yo‘nalishda xorijiy investorlarning talablariga to‘la javob beradigan xalqaro moliya markazini rivojlantirish uchun ichki va tashqi kapitalni keng jalb etishga asosiy e’tiborni qaratish lozimligi ta’kidlandi.

Ikkinchidan, mas’uliyatli biznes yuritish. Bu borada iqtisodiyot barqarorligi, shaffofligi va ochiqligini ta’minlashga qaratilgan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining tegishli tamoyillarini keng joriy etish dolzarb vazifadir.

Uchinchidan, muqobil investitsiyalarni rag‘batlantirish. Bunda startap, innovatsion loyihalar, birgalikdagi sarmoyalarni ko‘paytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida “Venchur investitsiyalar to‘g‘risida”gi yangi qonunni ishlab chiqish va qabul qilish katta ahamiyatga ega.

To‘rtinchidan, investorlar bilan ishlash tizimini raqamlashtirish. Xorijiy investorlar bilan davlat organlari o‘rtasidagi barcha xizmatlarni amalga oshirish uchun mukammal elektron platformani ishlab chiqish va amaliyotga keng joriy etish vaqti kelgani ta’kidlandi. Bu investorlarni qiynayotgan kompleks muammolarni o‘z vaqtida va tizimli hal etishga imkon beradi.

Ko‘proq yangiliklar: