To‘qimachilik va tikuv-trikotaj yo‘nalishidagi tadbirkorlarda soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi

O‘zbekiston 18:48 / 03.05.2024 1918

«To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi. 

Farmonga muvofiq, to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan va respublikada ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan ro‘yxat bo‘yicha import qilinadigan xomashyo va boshqa materiallar, butlovchilar va ehtiyot qismlar 2027 yil 1 yanvargacha bojxona bojidan ozod qilinadi. 

2024 yil 1 maydan 2026 yil 1 maygacha «A» va undan yuqori toifadagi to‘qimachilik va tikuv-trikotaj yo‘nalishidagi tadbirkorlarda soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi (jinoiy ishlar doirasida o‘tkaziladigan tekshiruvlar bundan mustasno), shuningdek, QQS summasi o‘rnini qoplash (qaytarish) 1 kun muddatda tekshiruvlarsiz amalga oshiriladi. 

Toshkent shahrida va bosqichma-bosqich hudud markazlaridagi yirik savdo komplekslarida «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan» (Made in Uzbekistan) brendi ostida milliy mahsulotlar do‘konlari tashkil qilinadi. 

Farmonga ko‘ra, gazlama, trikotaj mato ishlab chiqarish va bo‘yash hajmini oshirish uchun infratuzilmaviy va moliyaviy shart-sharoitlar yaratish orqali ip-kalavani qayta ishlash darajasi 2027 yil yakunigacha bosqichma-bosqich 100 foizga olib chiqiladi. 

Respublikani «to‘qimachilik xabi»ga aylantirish va kamida xalqaro darajada tan olingan 10 ta mahalliy brendlarni yaratish ustidagi ishlar manzilli tashkil etiladi. 

2026 yil 1 yanvargacha to‘qimachilik sanoat zonalari direksiyalari va ularda tashkil etiladigan korxonalar mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan ozod etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: