Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov boshchiligidagi delegatsiyaning Kuvayt va Saudiya Arabistoniga amaliy tashrifi davomida Jiddada ota-bobolari o‘zbekistonlik bo‘lib, Saudiya Arabistonida yashab kelayotgan, yirik biznesga ega tadbirkorlar – Vision Ambassadors hamta’sischisi Osama Kokandiy, Sodiq At-Tijoriya kompaniyasi rahbari Emet Abdulaziz hamda arab ishbilarmoni Ahmad Alxutami bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Osama Kokandiy viloyat rahbariga parrandachilik sohasida Farg‘onada loyiha amalga oshirish rejalarini ma’lum qildi.
Emat Abdulaziz tekstil sohasida hamkorlik qilish, Farg‘onada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni Saudiya Arabistoni bozoriga olib kirishda o‘z takliflarini bildirdi.
Ahmad Alxutami bilan muzokaralarda esa til va turli kasblarga o‘qitish markazlari tashkil etish hamda 100 ming nafargacha farg‘onaliklarni Saudiya Arabistonida doimiy ish bilan ta’minlash masalasi muhokama qilindi.
Bildirilgan takliflar asosida hamkorlikda ishni yo‘lga qo‘yish, ma’lumotlar almashinish va yaqin muddatlarda Farg‘onada qayta uchrashuvlar tashkil qilinishiga kelishildi.
Farg‘ona viloyati delegatsiyasi Kuvayt va Saudiya Arabistoni safarini yakunlab, Farg‘onaga qaytib keldi.