29 mart kuni “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi mamlakat gaz-transport tizimi operatori “O‘ztransgaz”ning 46,8 foiz ulushini 292,8 mlrd so‘mga sotib olgan. Bu haqdagi ma’lumot muhim korporativ axborot sifatida “O‘ztransgaz” saytiga joylangan. Bunga iqtisodchi Otabek Bakirov e’tibor qaratdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bitim birjadan tashqari amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin; aksiyalar nominal qiymatda 1000 so‘mdan sotilgan.
Bitimdan 2 kun o‘tib, 1 aprel kuni “O‘zbekneftgaz” “O‘ztransgaz”ning aksiyalarini baholatish bo‘yicha “Uz-Kor Gas Chemical” MChJ QK va “KPMG Valuation and Consulting” MChJ o‘rtasida “O‘ztransgaz” AJning 1 dona oddiy aksiyasini baholash bitimga o‘zgartirishlar kiritgan.
Bakirovning qayd etishicha, “O‘zbekneftgaz va “O‘ztransgaz” o‘rtasidagi mazkur bitim 3 aprel kuni yuz bergan boshqa bitimning tarkibiy qismi bo‘lishi mumkin. Unga ko‘ra, Uz-Kor Gas Chemical, “O‘ztransgaz” va “O‘zbekneftgaz” o‘rtasida Gaz sotish bo‘yicha qarz kelishuvi doirasida Gaz qarzi bo‘yicha bosh kelishuv, qarzni boshqa shaxsga o‘tkazish va qimmatli qog‘ozlarni topshirish shartnomalari imzolangan. Unga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” 10 trli so‘mdan ortiq qarzning sotib oluvchisiga aylangan, ya’ni o‘z zimmasiga olgan.
“O‘zbekneftgaz” “O‘ztransgaz”ning qarzlaridan voz kechib, uning aksiyadoriga aylanishini iqtisodchi “g‘alati bitim” deb baholagan.
“Bu g‘alati bitimdan Uz-Kor Gas Chemical qanday benefit olayotganini qo‘shimcha hujjatlarsiz aniqlab bo‘lmaydi. “Uz-Kor Gas Chemical” MChJ sifatida ma’lumotlarini ochiqlamaydi. Qizig‘i shundaki, xuddi shu kuni “O‘zbekneftegaz” “Uz-Kor Gas Chemical” MChJ bilan yana bitta, 2012 yildagi kelishuvga oid qo‘shimcha kelishuv imzolangan (uning mazmuni noma’lum)”, – deya yozdi u.
Bakirovning norasmiy xabarlarga tayanib qo‘shimcha qilishicha, “O‘zbekneftgaz”ga “O‘ztransgaz”dan qarz evaziga olingan ulushi va yana ayrim ulushlar ishonchli boshqaruvga berilgan bo‘lishi mumkin.
Kun.uz “O‘zbekneftgaz” “O‘ztransgaz” ulushlarini sotib olgani yuzasidan mas’ul idoralarga so‘rov yubordi.
Ma’lumot uchun, “O‘ztransgaz” 2019 yilgacha “O‘zbekneftgaz” tarkibida bo‘lgan. Shu yili qabul qilingan prezident qarori bilan Energetika vazirligi tashkil etilgan va energotizimda tuzilmaviy o‘zgarishlar ro‘y bergan.
“Uz-Kor Gas Chemical” MChJ O‘zbekistondagi eng yirik konlardan biri bo‘lmish Surg‘il koniga egalik qiladi. Kompaniyaning 50 foiz ulushi “O‘zbekneftgaz”ga, qolgan 50 foizi Koreya kompaniyalari konsorsiumiga tegishli.