O‘zbekiston fuqarolari Rossiyaga kirishda to‘siqqa uchramayapti - Migratsiya agentligi

O‘zbekiston 13:30 / 03.05.2024 10190

Ma’lum qilinishicha, agentlikning Rossiyadagi vakolatxonasi Moskva shahridagi barcha aeroportlarning mas’ul xodimlari bilan bog‘lanib, holatga aniqlik kiritgan.

“Moskva shahridagi Domodedovo, Vnukovo, Sheremetevo ayeroportlarida O‘zbekiston fuqarolarining Rossiya hududiga qo‘yilmayotgani yoki uzoq vaqt davomida ushlab turish holatlari kuzatilmayotgani aniqlandi”, – deyiladi xabarda

Bundan tashqari, avtomashinalar orqali Rossiyaga kirib kelinadigan Orenburg, Samara, Saratov viloyatlaridagi “Ozinki”, “Mashtakovo”, “Sagarchin” bojxona chegara postlaridagi holatlar ham o‘rganilganda, bu postlar doimiy ish tartibida ishlayotgani, O‘zbekiston fuqarolari biron-bir to‘siqlarsiz Rossiya hududiga kirayotgani ma’lum bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi kunlarda Tojikiston va Qirg‘iziston o‘z fuqarolariga o‘ta zarurat bo‘lmasa Rossiyaga bormay turishni maslahat bergan.

29 aprel kuni Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya elchisiga nota topshirdi. Unda Rossiyadagi Tojikiston fuqarolariga nisbatan ommaviy tarzda keskin salbiy munosabatlar kuzatilayotgani, ularning huquq va erkinliklari keng miqyosda poymol etilayotganidan xavotir bildirilgan. Bundan avval Moskva aeroportlarida Tojikistonning mingdan ortiq fuqarosi Rossiyaga o‘tkazilmayotgani xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: