Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yalpi majlisi
Bugun Shavkat Mirziyoyev raisligida Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Yetakchi kompaniya va banklar, nufuzli xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar vakillari ishtirok etgan kengash doirasida Shavkat Mirziyoyev to‘rtta yo‘nalishda ishchi guruhlarni tashkil etish va ularni to‘liq amalga oshirishda faol ishtirok etishga taklif etdi.
Bular — kapital bozorini rivojlantirish; mas’uliyatli biznes yuritish; muqobil investitsiyalarni rag‘batlantirish; investorlar bilan ishlash tizimini raqamlashtirish kabilar.
Majlis doirasida prezident Shavkat Mirziyoyev qator kompaniyalar rahbarlarini qabul qildi.
O‘zbekistonlik mehnat migrantlari uchun yangi imkoniyatlar
O‘zbekiston va Germaniya mehnat migratsiyasi sohasida qo‘shma dasturlarni kengaytiradi. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffar Madrahimov va Germaniya bundestagining “GFR – Markaziy Osiyo” parlament guruhi raisi o‘rinbosari Manfred Grund ikki tomonlama munosabatlarni faollashtirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi munosabatlarni faollashtirish, jumladan, mehnat migratsiyasi va ta’lim sohasida qo‘shma dastur va loyihalarni kengaytirishdan bo‘yicha takliflar muhokama qilingan.
Shuningdek, O‘zbekistonning Qatar davlatidagi elchisi Ashraf Xo‘jayev Qatar mehnat vaziri Ali bin Samix al-Marriy bilan uchrashuv o‘tkazgan.
2023 yil iyun oyida Qatar amirining Samarqandga tashrifi davomida ikki davlat hukumatlari o‘rtasida ishchilarni ishga qabul qilish bo‘yicha hamkorlik bitimi imzolangan edi.
Ushbu hujjatga muvofiq, qo‘shma qo‘mitaning birinchi yig‘ilishini Toshkentda o‘tkazish va tomonlar o‘rtasida O‘zbekiston fuqarolarini Qatarda ish bilan ta’minlash bo‘yicha o‘zaro muzokaralar uyushtirish to‘g‘risida kelishib olindi.
Saudiya Arabistonida 100 ming nafargacha farg‘onaliklar doimiy ish bilan ta’minlanishi mumkin. Jiddada Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov arab ishbilarmoni Ahmad Al-Xutamiy bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Unda til va turli kasblarga o‘qitish markazlari tashkil etish hamda 100 ming nafargacha o‘zbekistonlikni Saudiya Arabistonida doimiy ish bilan ta’minlash masalasi muhokama qilindi.
Xorazmda Eron korxonalari uchun alohida sanoat zonasi
Eron islom Respublikasi poytaxti Tehron shahrida O‘zbekiston va Eron ishbilarmon doira vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan ishtirokida biznes-forumda kelishuvga erishilgan.
Tehronda bo‘lib o‘tgan Iran Expo-2024 xalqaro ko‘rgazmasi doirasida o‘tgan biznes-forumda Eron Savdo-sanoat palatasi, Eron-O‘zbekiston qo‘shma savdo palatasi, Eron Savdoni rivojlantirish tashkiloti rahbariyati, shuningdek, 80 dan ortiq mahalliy kompaniya vakillari va O‘zbekistonning 50 dan ortiq korxonalari rahbarlari qatnashdi.
O‘zbekistonning Erondagi elchisi Fariddin Nasriyev Xorazm viloyatida Eron korxonalari uchun alohida sanoat zonasi tashkil etilayotgani va eronlik tadbirkorlarni ushbu sanoat zonasiga turli sohalarda o‘z loyihalarini amalga oshirishga taklif qildi.
4,65 mlrd dollarlik pullik yo‘l
Shu yil iyun oyi oxirigacha Toshkent-Andijon pullik yo‘li qurilishi loyihasining texnik-iqtisodiy ishlari yakunlanadi.
Loyihaning umumiy uzunligi 314 km bo‘lib, uning qiymati 4,65 mlrd dollarni tashkil qiladi, deya ma’lum qildi transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev.
Bundan tashqari, uzoq yillardan beri asosiy maqsadlardan biriga aylangan transafg‘on temiryo‘li loyihasi 2027 yil oxirigacha yakunlanishi kutilmoqda.
Yana bir muhim loyiha — Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li qurilishining qiymati taxminan 5,1 mlrd dollarni tashkil qilsa, uzunligi hozirgacha 454 km bo‘lishi kutilmoqda, — degan Choriyev.
Matbuot erkinligi indeksida pasayish
Bugun Xalqaro matbuot erkinligi kuni. «Chegara bilmas muxbirlar» xalqaro tashkiloti tomonidan har yili muntazam e’lon qilinadigan matbuot erkinligi indeksida O‘zbekiston bir yil oldingiga qaraganda 11 pog‘onaga pastlab, 180 ta davlat orasida 148-o‘rinni egalladi. Kuzatuvchilar O‘zbekistonda so‘z erkinligi bo‘yicha vaziyatni «og‘ir»dan «juda jiddiy»ga o‘zgartirishgan.
Qirg‘iziston elchixonasining yangi binosi
Qirg‘iziston vazirlar mahkamasi raisi – prezident administratsiyasi rahbari Aqilbek Japarovning O‘zbekistonga tashrifi doirasida Qirg‘izistonning Toshkent shahridagi elchixonasi yangi binosi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ikki mamlakat bosh vazirlari ramziy tasmani kesib, Qirg‘iziston diplomatik vakolatxonasi binosini ochib berdi. Elchixonada diplomatlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Jibuti bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatildi
Nyu-York shahrida O‘zbekiston va Jibuti o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida qo‘shma kommyunike imzolandi.
Ikki davlat hukumatlari nomidan hujjatni O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov va Jibutining BMTdagi doimiy vakili Muhammad Dualeh imzoladi.
Jibuti O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan 149-davlat bo‘ldi.
«Ziki eski shahar» qamaldi
Toshkentda «Ziki eski shahar» laqabi bilan tanilgan, dekabr oyida o‘tkazilgan reyd chog‘ida qo‘lga olingan Lutfulla Umarov 6 yil-u 2 oyga ozodlikdan mahrum qilindi.
Sud hukmi hujjatiga ko‘ra, sudlanuvchi 2023 yil may oyi oxirida Toshkent shahridagi jarlik hududidan 12 dona ko‘knori o‘simligi boshoqlarini topib, shamollashga qarshi dori deb do‘stiga saqlash uchun bergan.