Hozirgi vaqtda yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab, noqonuniy qurilish qilayotganlar ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortiladi. Bu haqda Kadastr agentligi Toshkent shahri boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Toshxo‘jayev ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, noqonuniy o‘zlashtirib olingan hamda mazkur yerlarga o‘zboshimchalik bilan qurib olingan obektlarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish to‘g‘risidagi tegishli qonun Oliy Majlis qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rib chiqilgan va Senatga yuborilgan.
Shundan so‘ng, hujjati yo‘q uylarga kadastr hujjatlarini tayyorlab berish boshlanishi haqidagi xabarlar tarqalgan. Keyin ayrim «uddaburonlar» tezkorlik bilan imorat qurib olib, «bu uyni 5-10 yil oldin qurganman deb iddao qilsam hujjatlashtirib olaman» deb, hududlarda yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olayotganlar paydo bo‘lgan.
«Ammo qonun chiqsa, uyimga hujjat qilib olaman deb noqonuniy qurilish boshlab yuborganlar xato o‘ylaydi. Sababi, Kadastr agentligi tomonidan yerlarning holatini o‘rganish bo‘yicha kosmik s’yomkalar, xaritalari bor. Ular yordamida 5-10 yil, hatto 20 yil ortga qaytarib tekshirishimiz mumkin. Bu jarayonda insonlar faqat moddiy zarar ko‘rishi bilan bir qatorda, jinoiy javobgar bo‘lishi mumkin», dedi Toshxo‘jayev.
Uning ta’kidlashicha, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olganlik, u yerga noqonuniy qurilish qilganlik uchun ma’muriy javobgarlikdan, jinoiy javobgarlikkacha choralar belgilangan. Shuning uchun ulardan bu ishni to‘xtatish va yerni asl holatiga qaytarish so‘ralmoqda.
«Qabul qilinishi kutilayotgan qonunda hozirgi davrda egallab olib, qurilish qilinayotgan binolarga huquqni e’tirof etish nazarda tutilmagan. Aksincha hozirda yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab, noqonuniy qurilish qilayotganlar ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortiladi», dedi Toshxo‘jayev.