Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida bir qancha uchrashuvlarni o‘tkazdi 

O‘zbekiston 21:54 / 02.05.2024 4361

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 may kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida bir qancha uchrashuvlarni o‘tkazdi. 

Jumladan, O‘zbekiston rahbari Singapur parlamenti spikeri Sia Kian Pengni qabul qildi. Suhbatda kadrlar tayyorlash, investitsiyalar, turizm va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Oliy darajadagi kelishuvlar ustidan birgalikda samarali parlament nazoratini o‘rnatish muhimligi ta’kidlandi. 

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi, prezident administratsiyasi rahbari Oqilbek Japarovni qabul qildi. O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish, savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport va logistika sohalarida hamkorlikni kengaytirish, hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Qambarota GES-1 va «Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temir yo‘lini qurish loyihalarining amaliy jihatlariga alohida e’tibor qaratildi. Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik doirasida ko‘p qirrali sheriklikning yangi kun tartibini shakllantirish masalalari ham muhokama qilindi. 

Shu bilan birga, Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni energetika vaziri shahzoda Abdulaziz bin Salmon Ol Saud boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikda yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Mamlakatimizda energetika tarmog‘ini rivojlantirishga eng ko‘p investitsiya kiritgan ACWA Power kompaniyasi bilan samarali hamkorlik qilinayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlarda yangi loyihalarni ilgari surish zarurligi qayd etildi. 

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari iqtisodiyot vaziri Abdulla bin Al Marriy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning qo‘shma loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va ilgari surishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Energetika, transport, logistika, qishloq xo‘jaligi, suv ta’minoti va boshqa sohalarda yirik loyihalarni tezlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. 

Shu bilan birga, Shavkat Mirziyoyev O‘mon Sultonligi savdo, sanoat va investitsiyalarga ko‘maklashish vaziri Qays bin Muhammad al-Yusufni qabul qildi. O‘zaro manfaatli hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy yo‘nalishlarda kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Energetika, transport, sog‘liqni saqlash, turizm, geologiya, oziq-ovqat, to‘qimachilik, kimyo sohalarida, shu jumladan O‘zbekiston-O‘mon investitsiya kompaniyasi ko‘magida loyihalarni amalga oshirish uchun katta salohiyat borligi qayd etildi. Yaqin fursatda Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va qo‘shma biznes forumini o‘tkazishga kelishib olindi. Transafg‘on temir yo‘lini qurish hamda «O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron - O‘mon» transport yo‘lagini ilgari surish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi. 

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, Yevropa iqtisodiy komissiyasi Ijrochi kotibi Tatyana Molchanni qabul qildi. Mintaqa va mamlakat miqyosidagi loyihalarni amalga oshirish hamda o‘tgan yil noyabr oyida Boku shahrida BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun maxsus dasturi (SPeKA) birinchi sammitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish masalalari muhokama qilindi. 

Shu bilan birga, Shavkat Mirziyoyev Rossiya delegatsiyasiga boshchilik qilayotgan Rossiya prezidenti yordamchisi Maksim Oreshkinni qabul qildi. O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirish doirasida oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Yuqori texnologiyalar, ta’lim, sport, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash borasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi.

Ko‘proq yangiliklar: