O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Janubiy Koreyaga tashrifi davomida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) vitse-prezidenti Xong Seok Xva bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo".
Muzokaralar chog‘ida rahbar davlat xizmatchilarining raqamli transformatsiya sohasida malakasini oshirish, raqamli ta’lim va IT xizmatlar eksportini oshirish, O‘zbekistonda aerokosmik sohani rivojlantirish uchun ta’lim va malaka oshirish tizimini yo‘lga qo‘yish, IT ta’lim sohasida KOICA ko‘ngillilarini jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
"Rahbar davlat xizmatchilarining raqamli transformatsiya sohasida Koreyada salohiyatini oshirish dasturi" grant loyihasi konsepsiyasini ishlab chiqish hamda KOICA’ning 2025 yil amalga oshiriladigan loyihalar ro‘yxatiga kiritish orqali vazirliklarda AKTni rivojlantirishga mas’ul vazir o‘rinbosarlari, Raqamli texnologiyalar vazirligining boshqarma boshliqlari va quyi tashkilotlar rahbarlaridan iborat 65 nafar rahbarlar Koreyada raqamli transformatsiya sohasida malakasini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shu bilan birga, KOICA’ning "World Friends KOICA Volunteer" dasturi doirasida ma’lumotlar ilmi (Data Science) va kompyuter ilmi (Computer Education) sohasida yuqori malakaga ega koreyalik ekspertlarning "Muhammad al-Xorazmiy vorislari" dasturida qatnashuvchi mentorlarning malakasini oshirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Shuningdek, uchrashuv davomida "Raqamli ta’lim va IT xizmatlar eksportini oshirish" grant loyihasi konsepsiyasini ishlab chiqish hamda KOICA’ning 2026 yil amalga oshiriladigan loyihalar ro‘yxatiga kiritish masalalari xususida fikr almashildi.
Loyiha doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Jizzax, Sirdaryo, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida joylashgan Raqamli ta’lim markazlarida kompyuter savodxonligi, dasturlash, robototexnika va ingliz tilini o‘qitish uchun talab etiladigan AKT jihozlarini xarid qilish hamda 16 ming nafar o‘quvchi va 450 nafar mentorlar uchun o‘quv qo‘llanmalarini ishlab chiqish rejalashtirilgan.