AQSh sudi Ukraina fuqarosiga mashhur REvil hakerlar guruhining kiberhujumlari bo‘yicha ishda ayblov hukmi chiqardi. AQSh Adliya vazirligi 1 may, chorshanba kuni xabar berishicha, 24 yoshli erkak 2500 dan ortiq to‘lov dasturi hujumlarida ishtirok etgani uchun 13 yil-u 7 oy qamoq va 16 million dollar jarimaga hukm qilindi.
Ayblanuvchi o‘z aybiga iqror bo‘ldi
Sudlanuvchi 2021 yilda Polshada to‘lov dasturi hujumlarini amalga oshiruvchi hakerlik guruhlariga qarshi global operatsiya doirasida qo‘lga olingan. U 2022 yilda Qo‘shma Shtatlarga ekstraditsiya qilingan va firibgarlik, pul yuvish va himoyalangan kompyuterlarga zarar yetkazish uchun fitna uyushtirganlikda aybdor deb topilgan.
Sudlanuvchi va uning sheriklari butun dunyo bo‘ylab minglab kompyuterlarni buzib, ularni to‘lov dasturi bilan shifrlagan, so‘ngra 700 million dollardan ortiq to‘lov talab qilgan, dedi bosh prokuror o‘rinbosari Nikol Arjyenteri. Shu bilan birga, agar ular to‘lovni to‘lashdan bosh torsa, jabrlanuvchilar haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilish bilan tahdid solgan.
REvil jinoyatlari qatoriga 2021 yilda AQSh dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchisi - Kaseya’ga qilingan hujum ham kiradi, u keng oqibatlarga olib keldi va kamida 17 mamlakatdagi ko‘plab kompaniyalarga ta’sir ko‘rsatdi. Boshqa narsalar qatorida, ushbu kiberhujum natijasida Shvetsiyaning Coop supermarketlar tarmog‘i kassa tizimidagi nosozliklar tufayli o‘zining aksariyat filiallarini vaqtincha yopishga majbur bo‘ldi.
REvil hakerlari go‘yoki Rossiyadan ishlagan. 2021 yil noyabr oyida AQSh Rossiya va Ukrainadan bo‘lgan REvil hakerlarini qora ro‘yxatga kiritdi. 2022 yil yanvar oyida Rossiya AQSh talabiga binoan REvil tugatilganini ma’lum qildi. Bir qancha hakerlar qo‘lga olingan.