O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi nutqida mamlakatning yashil energiyaga o‘tishi hamda qo‘shni mamlakatlar bilan amalga oshirilayotgan ikkita yirik gidroelektr stansiyasi loyihalari haqida gapirdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
Aripovning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda har yili energiyaga bo‘lgan talab 5-6 foizga oshyapti. Ushbu talabni qondirish uchun turli choralar ko‘rilyapti.
“Tarmoqqa ulangan qayta tiklanuvchi energiya manbalari natijasida 1,5 mlrd kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Xorijiy hamkorlar bilan 14 mlrd dollarga teng 12 gigavattlik 31 ta yashil generatsiya quvvatlari barpo etilmoqda. Prezident tomonidan quyosh elektr stansiyalari doirasida 300 megavatt quvvatlar tarmoqqa ulandi. Joriy yil yakuniga qadar yana 2 gigavattdan ortiq yashil energiya quvvatlari ishga tushiriladi. Natijada joriy yil yakuniga qadar yashil energiya quvvatlarini hozirgi 18 foizdan 30 foizga yetkazish kutilyapti”, – dedi bosh vazir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2030 yilgacha O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan jami elektr energiyasining 50 foizi yashil energiya bo‘lishi rejalashtirilgan. Abdulla Aripov gidroenergetika yashil energetikaning ajralmas qismi hisoblanishini ta’kidlarkan, bu yo‘nalishda qo‘shnilar bilan hamkorlikda 3,2 mlrd dollarlik qiymatdagi 2 ta yirik loyiha amalga oshirilayotganini aytdi.
“Birinchisi, Qirg‘iziston va Qozog‘iston bilan birgalikda qiymati 2,9 mlrd dollarlik 1860 megavatt quvvatga teng Qambarota gidroelektr stansiyasi qurilishi loyihasini amalga oshirishni rejalashtirganmiz. Mazkur loyiha Qirg‘iz Respublikasi hududida Norin daryosida barpo etilib, 5,6 mlrd kilovatt soat ekologik toza elektr energiyasini ishlab chiqarish imkonini beradi. Bu O‘zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega loyiha. Bundan nafaqat ekologik toza energiya ishlab chiqariladi, balki mintaqadagi suv resurslarini samarali boshqarish va undan oqilona foydalanish imkoni ham yaratiladi”, – dedi u.
Abdulla Aripov Jahon banki ushbu loyihani amalga oshirishni birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatlaganini ta’kidlarkan, mintaqadagi muammolarni hal etishga qaratilgan bu loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishga grant mablag‘larini ajratgani uchun O‘zbekiston hukumati nomidan bankka minnatdorchilik bildirdi.
“Boshqa xalqaro moliya institutlarini ham ushbu loyihada faol ishtirok etishga taklif qilamiz. Qisqa muddatda uch tomonlama hukumatlararo bitimni imzolab, amaliy harakatlarni boshlash uchun qo‘shma korxona tashkil etish niyatidamiz. Stansiya tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasining Qirg‘iz Respublikasi ehtiyojidan ortgan qismini O‘zbekiston va Qozog‘iston tomonidan kafolatli sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolaymiz”, – dedi u.
Bosh vazir shu kabi ikkinchi loyiha Tojikiston bilan hamkorlikda Zarafshon daryosida barpo etilishi rejalashtirilgan 550 mln dollarlik 320 megavattli Yaman gidroelektr stansiyasi haqida ham gapirdi.
“Ushbu loyiha ikki bosqichda amalga oshirilib, birinchi bosqichda 100 megavattli stansiya ishga tushiriladi, u yillik 430 mln kilovatt elektr energiyasini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Loyihani amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston va Tojikiston qo‘shma korxonasi tashkil etilgan va loyiha qurilish hududida qidiruv ishlari amalga oshirilmoqda. Joriy oy yakuniga qadar loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun mas’ul kompaniyani tanlash uchun xalqaro tender e’lon qilingan. Umuman olganda, loyihalarning amalga oshirilishi mintaqadagi munosabatlarning yanada yaxshilanishi va ishonch ortishiga hissa qo‘shadi. Investorlarni ushbu istiqbolli loyihalarda faol qatnashishga chaqiraman”, – dedi Abdulla Aripov.
Avvalroq, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Qambarota GES-1 qurilishi va ekspluatatsiyasi loyihasini amalga oshirish maqsadida aksiyadorlik jamiyati tashkil etish niyatida ekani, bunda Qirg‘iziston tomonining loyihadagi va ustav kapitalidagi ulushi 34 foizni, Qozog‘iston va O‘zbekiston tomoni esa 33 foizdan bo‘lishi xabar qilingandi.
Loyiha amalga oshirilgach, Qambarota GES-1 aksiyalari va aktivlari to‘liq qirg‘iz tomonining mulkiga o‘tadi.
2023 yil yanvar oyida Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston energetika idoralari rahbarlari Norin daryosida Qambarota GES-1 qurilishi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasini imzolagan edi.
Qozog‘iston Energetika vazirligining fikricha, Qambarota GES-1 Qirg‘izistondagi eng yirik elektr stansiyaga aylanishi kerak va Markaziy Osiyo mamlakatlarini elektr energiyasi bilan ta’minlaydi, shuningdek, mintaqaning suv ta’minotini barqarorlashtiradi.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Qambar-Ota-1 GESi qurilishi 5-6 milliard dollarga tushishini aytgan.