Toshkentda xalqaro investitsiya forumi ish boshladi
Bugun Toshkentda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi boshlandi.
Unda so‘zga chiqqan O‘zbekiston prezidenti davlat bozor munosabatlarini rivojlantirishni, investorlar huquqlari ishonchli himoya qilinishini, qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishni, halol raqobat uchun yanada keng shart-sharoitlar yaratishni, xususiy mulk daxlsizligi va sud tizimining mustaqilligi ta’minlanishini o‘z zimmasiga olishini ma’lum qildi.
“Bizning asosiy maqsadimiz — O‘zbekistonni xorijiy investorlar uchun ishonchli va uzoq muddatli hamkorga aylantirishdir”, — dedi prezident Shavkat Mirziyoyev.
Prezident forumda qilgan chiqishi chog‘ida xorijiy sarmoyadorlar aksiyalardan olinayotgan dividendlar bo‘yicha soliqlardan 3 yilga ozod etilishi, ularga yerni ijaraga berish 25 yildan 49 yilgacha uzaytirilishini va’da qildi.
O‘zbekistonda yashil energetika rivojlantiriladi
O‘zbekiston energetika balansida qayta tiklanuvchi energiya quvvatlari ulushini 40 foizga yetkazmoqchi.
Mamlakat 2030 yilgacha 20 gigavattdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini yaratish va energetika balansida uning ulushini 40 foizga yetkazishni maqsad qilgan.
Bu haqda Toshkent xalqaro investitsiya forumida chiqish qilgan Shavkat Mirziyoyev aytib o‘tdi.
«Energetika tarmog‘i samaradorligini oshirish butun mintaqa uchun dolzarbdir. Bu borada mamlakatda 28 ta loyiha ustida ishlar davom ettirilmoqda. O‘zbekiston 2030 yilgacha 20 gigavattdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini yaratish va energetika balansida uning ulushini 40 foizga yetkazishni maqsad qilgan», — dedi prezident.
Xorijiy kompaniyalar O‘zbekistonda pulli yo‘l qurmoqchi
Yaponiyaning Sojitz hamda Turkiyaning Rönesans kompaniyalari davlat-xususiy sheriklik loyihalari asosida O‘zbekistonda pullik yo‘qllar qurishga qiziqish bildirmoqda.
Transport vaziri o‘rinbosari Jasur Choriyev Yaponiyaning Sojitz kompaniyasi Yevropa filiali bosh menejeri Machida Yasuhide va Turkiyaning Rönesans kompaniyasi boshqaruv raisi Jyem O‘zoguz bilan uchrashdi.
Uchrashuvda transport sohasida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishda hamkorlik masalalari atroflicha muhokama etildi.
Qayd etib o‘tish kerak, 2023 yilning oxirida Toshkent–Samarqand pulli avtomobil yo‘lini qurish loyihasi ishlab chiqildi. Uning texnik-iqtisodiy hujjatini ishlab chiqishga Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan 350 ming dollar miqdorida grant mablag‘lari ajratildi.
Kun raqami
2024 yildagi davlat budjeti taqchilligi 25 trln so‘mdan oshdi
Joriy yilning yanvar oyida bu ko‘rsatkich 5,7 trln so‘mni, fevralda 7,2 trln so‘mni, martda 6,8 trln so‘mni, aprelda esa 5,7 trln so‘mni tashkil etgan.
Umumiy hisobda o‘tgan to‘rt oydagi taqchillik 25 trln 586 mlrd so‘mga yetdi.
Ota talashayotgan san’atkorlar sudi yopiq o‘tadi
Botir Qodirov va Jo‘rayevlarga oid sud ishi yopiq tarzda ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi.
Bugun, 2024 yil 2 may kuni Toshkent shahri Uchtepa tumanlararo sudida xonanda Botir Qodirovning otalikni belgilash haqidagi da’vosi yuzasidan navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi va sud javobgar tomon — aka-uka Jo‘rayevlarning ishni yopiq ko‘rib chiqish haqida kiritgan iltimosnomasini qanoatlantirgan.
23 aprel, seshanba kungi sud majlisida da’vogar vakilining ko‘rsatmasi eshitilib, guvohlarni ishga jalb etish va qo‘shimcha dalillar — fotosuratlar, dalolatnoma yozuvi va tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaning asl nusxasini talab qilib olish uchun ishni ko‘rish 2 mayga qoldirilgandi.
Shahvoniy shilqimlik qilgan yigitga sud hukmi o‘qildi
Toshkentda voyaga yetmagan qizga shahvoniy shilqimlik qilgan 27 yoshli yigit yigitga sud hukmi o‘qildi. Voqea poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ko‘chalardan birida sodir bo‘lgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudida unga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilandi.
Jarima to‘lamay yurgan avtomobil dovonda qo‘lga tushdi
Jarimalardan 100 mln so‘m qarzi bor avtomobil Qamchiq dovonida ushlangan va vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydoniga qo‘yilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Farg‘ona viloyatida qayddan o‘tkazilgan «Nexia-2» rusumli avtomobil to‘xtatilib tekshirilganda, yo‘l harakati qoidabuzarliklari bo‘yicha muddati o‘tib ketgan 100 mln so‘mlik qarzi borligi, umumiy hisobda 28 marta yo‘l harakati qoidasini buzgani va qidiruvga berilgani aniqlangan.
Avtomobil toki jarimalar so‘ndirilgunga qadar vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydoniga qo‘yilgan.