29 aprel kuni Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi Sirdaryo suv havzasi shu’basi inspektorlari tomonidan daryoning o‘ng qirg‘og‘ida nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Shunda inspektorlar brakonerlar hujumiga uchragan. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.
Qayd qilinishicha, reyd davomida Sirdaryo daryosining Oqqo‘rg‘on tumanidan oqib o‘tuvchi hududida inspektorlar noma’lum fuqarolar tomonidan taqiqlangan ov qurollari, ya’ni leskali to‘r, motorli qayiq yordamida baliq ovlanayotgani holatiga duch kelgan. Sirdaryo suv havzasi sho‘basi boshlig‘i D.Zohidov va bosh davlat inspektori T.Bo‘riyev huquqbuzarlik holatiga chek qo‘yish maqsadida baliq ovlayotgan fuqarolar yoniga qayiqda suzib borgan. Ammo huquqbuzarlar inspektorlarga hujum qilib, ularni suvga itarib yuborgan. Shuningdek, brakonerlar inspektorlarning rezina qayig‘ini yorishgan.
Ta’kidlanishicha, inspektorlar daryo qirg‘og‘iga suzib chiqqan. Huquqbuzarlar inspektorlarni haqoratlab, ov qurollarini olib, qochib ketgani aytilmoqda.
Mazkur holat bo‘yicha huquqbuzarlarning shaxsiga aniqlik kiritish hamda holatga huquqiy baho berish maqsadida tegishli hujjatlar Toshkent viloyati prokuraturasi va viloyat IIBga yuborilgan.