Markaziy Afrika Respublikasi (MAR) maxsus jinoiy sudi (CPS) mamlakatning sobiq prezidenti Fransua Bozizeni hibsga olishga xalqaro order berdi. Bu haqda 30 aprel, seshanba kuni AFP xabar bermoqda. Bozizening insoniyatga qarshi jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.
Bozizening prezident gvardiyasi 2009-2013 yillar oralig‘ida Bosembele shahridagi qamoqxona va harbiy o‘quv markazida ushbu jinoyatlarni sodir etgani taxmin qilinadi. Sud bayonotida aytilishicha, Bozizega qarshi uning «jinoiy javobgarligini» tasdiqlovchi «jiddiy va izchil dalillar» mavjud.
Maxsus jinoiy sud Markaziy Afrika Respublikasi sudyalari va xalqaro sudyalardan iborat. Ularning vazifalariga 2003 yilda Bozize davlat to‘ntarishi natijasida hokimiyat tepasiga kelganidan beri MARda sodir etilgan harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlarni tergov qilish va sudga tortish kiradi. U 2013 yilgacha, «Seleka» guruhi tomonidan ag‘darilganiga qadar prezidentlik qilgan. 2023 yilning martigacha 77 yoshli prezident Chadda surgunda yashab, keyinchalik u yerdan Gvineya-Bisauga jo‘nab ketdi.
MARda ko‘p qatlamli mojaro
Markaziy Afrika Respublikasi BMT tomonidan dunyoning eng kam rivojlangan davlatlari ro‘yxatiga kiritilgan. Mamlakatda 2012 yildagi fuqarolar urushidan beri ko‘p qatlamli mojaro avj oldi. MAR isyonchi guruhlarning zo‘ravonligi va resurslar, jumladan, olmoslar uchun janglardan jiddiy zarar ko‘radi.