Shohida Yusupova - U 4 ta tilda erkin so‘zlasha oladi, 30 dan ziyod Xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi yosh elchisi, Garvard Universitetining “Rahbarlik va boshqaruv” yo‘nalishida, Berlin Xalqaro Biznes Institutida “Marketing va kommunikatsiyalar” yo‘nalishlarida tahsil olgan. 50 dan ziyod xalqaro tanlov va festivallar g‘olibi. Ayni paytda Italiyaning Siena universiteti “Xalqaro diplomatiya” yo‘nalishida magistratura bosqichida ta’lim olmoqda.
Bolaligim haqida...
Xorazmning Yangibozor tumanida, fermer oilasida dunyoga kelganman. Bugungi barcha yutuqlarim – bolaligimda ota-onamning qo‘llab-quvvatlovi tufayli.
5 yoshimdan ota-onam o‘qishni, yozishni o‘rgatishgan, har hafta menga dadam yangi kitoblar olib kelib berardilar, bolaligim ijtimoiy faollikda, turli tanlov va festivallarda ishtirok etish, o‘z ustimda ishlash bilan o‘tgan. Birinchi marta 2012 yil “Yangi avlod” bolalar ijodiyoti festivalining Respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritganman, 14 yoshimdan 18 yoshimgacha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi qoshidagi Bolalar parlamenti deputati bo‘lganman. Bundan tashqari bir qancha yoshlar tashkilotlarida faol yoshlar qatorida ko‘plab loyihalarda ishtirok etganman.
Muhimi mukofot emas – e’tirof edi
18 yoshimda adabiyot yo‘nalishi bo‘yicha "Zulfiya" nomidagi Davlat mukofoti sohibi bo‘ldim. Ammo unga erishgunga qadar ko‘plab to‘siqlardan o‘tdim, 5 yil urindim. O‘shanda yuzimga aytilgan: "Har yili hujjat topshirib, charchamadingmi? Ololmaysan!", " Voy bu yil ham ololmadingmi?" kabi so‘zlar, istehzolar haligacha yodimda. 5 yil davomida odamlarning gaplari, yuzimga sharaqlab yopilgan eshiklar meni yanada kuchliroq bo‘lishga, maqsadim sari dadilroq harakat qilishga undadi va bunga erishdim. Men uchun mukofot muhim emasdi, buni uddalay olishim, e’tirof etilishim muhim edi.
Ilm olish va sayohatlar
Talabaligimning 4 yili meni kuchli shaxs sifatida ulg‘aytirdi. Shu davrda o‘zimni inson sifatida qaytadan kashf etdim. Garchi pozitiv inson bo‘lsam-da, talabalikning birinchi yili birmuncha qiyin o‘tgan. Lekin, aynan adaptatsiya jarayoni ruhiyatimda yangi qirralarni ochgan. Vaqtimni ko‘proq bilim olishga, chet tillarni o‘rganishga bag‘ishlaganman. Buning ortidan esa Xalqaro maydonga chiqdim. O‘qish, izlanish yo‘lidagi harakatlarim besamar ketmadi. Talabalikning oxirgi yillarida Misr, Turkiya, Ruminiyada o‘tkazilgan xalqaro konferensiyalarda ham ishtirok etganman.
Birinchi marta xorijga chiqish bileti uchun pulni ham tarjimalarim orqali ishlab topganman. Xorijiy tillarni o‘rganganim, turli yo‘nalishlarda tajriba orttirganimning moliyaviy mustaqil bo‘lishimda o‘rni katta. Keyin sayohatlar sayohatlarga ulanib ketdi. Bugungi kunga qadar dunyoning 18 ta mamlakatiga sayohat qildim. Ilk sayohatim 18 yoshimda Hindistonga bo‘lgan va Hindistonning KAFLA İNTERNATİONAL tashkiloti tomonidan “Sahitya Shri” Xalqaro mukofoti sovrindori deb topilganman. O‘shanda O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining "Xalqaro jurnalistika" yo‘nalishi birinchi bosqich talabasi edim, bu mukofot mening talabalik davrimdagi eng katta yutuqlarimdan biri bo‘lgan.
Hammasida otamning o‘rni katta
Bolaligimdan har narsaning doim eng yaxshisiga intilganman. Menga hech kim bosim o‘tkazmagan, "Qiz bolasan" deya chegara qo‘ymagan ota-onamga, ayniqsa otamga rahmatlar aytaman. 14 yoshimda bir o‘zimni Toshkentga tanlovga yuborgan, 18 yoshimda amakilarimning "Qiz bola narsa bo‘lsa, chetda bir o‘zi yuradimi?" kabi gaplariga qaramay, "Mening qizim qayerda bo‘lsa ham, nima gapirishni, qaysi yo‘ldan yurishni juda yaxshi biladi", - deb Hindistonga yolg‘iz o‘zimni katta ishonch bilan yuborgan ham aynan otam bo‘ladi. Ketma-ket muvaffaqiyatlarga erishishimda ham otamning o‘rni juda katta. Ular bolaligimda mening rivojlanishim, o‘z ustimda ishlashim uchun hatto shaxsiy kutubxona tashkil qilib bergan. Otamdan halol va to‘g‘riso‘z bo‘lish va o‘z ustida doimiy ishlash, har lahzadan unumli foydalanishni o‘rgandim. Balki shular sababdanmi, moliyaviy tomondan hech qachon qiynalmaganman.
18 yoshimdan buyon o‘zimni o‘zim eplashga, ehtiyojlarimni qoplashga harakat qilaman. Turli sohalarda masofadan va oflayn ishlab, tarjimonlik, kopirayterlik, til o‘rgatish, nashr ishlari bilan shug‘ullanganman. 2021 yilda esa juda ko‘p ayol-qizlarning talab va takliflari bilan forum va seminarlar tashkil qilib, dars bera boshladim va “Shine” Qizlar Akademiyasiga asos soldim. Akademiyamizda shaxsiy rivojlanish, xalqaro maydonga chiqish, xorijiy tillarni o‘rganish bo‘yicha darslar beriladi. Nafaqat shaxsiy rivojlanish, balki xalqaro maydonga chiqish, o‘z qobiliyat va iste’dodini namoyon etishda ham har sohada faol, iqtidorli ayol-qizlarimizga yordam beradi. Bugungi kunga qadar Amerika, Turkiya, Ozarboyjon, Misr, Xitoy kabi bir qancha mamlakatlarda turli yo‘nalishlarda faoliyat olib borayotgan minglab ayol-qizlarning ijodiy ishlari joy olgan xalqaro antologiyalar nashr etdik va taqdimotlar o‘tkazdik. Qizlar akademiyasi 20 mingdan ziyod xotin-qizlarning rivojlanishi uchun xizmat qildi.
Keyinchalik, “Şahide" ayollar kiyim brendim hamda "Shiny travels" tur kompaniyalarini ochdim. Bu jarayon esa birmuncha oson kechgan. Sababi, bu paytga kelib men moliyaviy mustaqil qizga aylanib ulgurgandim. 21 yoshimda otamga yangi avtomobil sovg‘a qildim. Bu menga bolalikdan orzu bo‘lgan. Ota-ona ishonchi va bergan tarbiyasini oqlash- har bir farzandning orzusi bo‘lsa kerak. Ota-onamga Istanbulga, Ozarboyjonga sayohatlar sovg‘a qildim. Bu davlatlarga ilk marta o‘zim sayohat qilganimda, men ko‘rgan go‘zalliklarni ular ham ko‘rishini chin dildan istagandim. Otam 48 yoshlarida birinchi marta sayohatga chiqdilar. Bunga sababchi bo‘lish esa mening bolalik orzularimdan edi. Oradan ko‘p o‘tmay ota-onamga va eng yaqin amakimga Umra safari uchun yo‘llanma sovg‘a qila oldim. Yaqinlarimning shu vaqtdagi quvonch ko‘z yoshlari hech qachon xotiramdan o‘chmasa kerak.
23 yoshimda o‘zim xohlagan shahardan, orzuyimdagi uyni oldim. Toshkentning markazida qurilayotgan uydan 3 xonali premium klassdagi xonadonni Allohim nasib qildi. Insonning o‘z uyi bo‘lishi, unda o‘zi xohlagan atmosferani yarata olishi, o‘zining chiroyli qadriyatlari bilan yashay olishi — juda katta baxt. Hamisha o‘zimga va’da bergan hayot tarzim, orzu va maqsadlarim menga kuch va motivatsiya berib turadi.