Gurjiston parlamentining huquqiy masalalar bo‘yicha qo‘mitasi deyarli 10 soat davom etgan yig‘ilishdan so‘ng «chet el agentlari» haqidagi bahsli qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatladi. 29 aprel, dushanba kungi muhokama chog‘ida ikki deputat o‘rtasida yana mushtlashuv sodir bo‘ldi. Muxolifat vakili Xatiya Dekanoidze hukmron «Gurjiston orzusi - Demokratik Gurjiston» partiyasi deputatlarini Rossiyaga yaqinlikda aybladi va og‘zaki janjal paytida deputat Guram Macharashvilini suv idishi bilan urdi.
Voqeadan ko‘p o‘tmay majlisning rasmiy jonli efiri uzilib qolgan. Mahalliy OAV qo‘mita raisi Anri Oxanashvili reglamentni buzgani uchun 14 muxolifat deputatini yig‘ilishdan chetlatganini xabar qildi. 30 aprel kuni «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi parlament yalpi majlisi muhokamasiga kiritiladi.
Tbilisi markazida hukumat tarafdorlarining mitingi
Parlament qo‘mitasidagi bahs-munozaralardan so‘ng Tbilisi markazida hokimiyatni qo‘llab-quvvatlovchi miting bo‘lib o‘tdi. Rustaveli shohko‘chasidagi mitingga tayyorgarlik ertalabdan boshlangan, markaziy ko‘cha to‘sib qo‘yilgan va munitsipal xizmatlar bir kun avval bo‘lib o‘tgan «chet el agentlari» haqidagi qonunga qarshi namoyishlar izlarini olib tashlagan. DW muxbirining so‘zlariga ko‘ra, mitingda 100 mingdan ortiq odam ishtirok etdi, ularning aksariyati o‘rta va keksa yoshdagilardir. Shu bilan birga, qo‘shni ko‘chalar Gurjistonning boshqa viloyatlaridan namoyishchilar olib kelingan avtobuslar bilan to‘lib-toshgan.
Mitingda Tbilisi meri Kaxa Kaladze va boshqalar so‘zga chiqib, go‘yoki g‘arb pullari hisobiga uyushtirilishi mumkin bo‘lgan inqilob ehtimoli haqida e’lon qildi. Sahnadagi ishtirokchilar vaqti-vaqti bilan qarsaklar bilan notiqlarni qo‘llab-quvvatladi, ammo shundan so‘ng ular yana chiqish qilayotgan shaxs so‘zlariga qiziqishni yo‘qotgan, deb xabar beradi DW muxbiri. Bundan tashqari, mitingda «Gurjiston orzusi»ning faxriy raisi, milliarder Bidzina Ivanishvili, partiya yetakchilari Mamuka Mdinaradze va Irakliy Garibashvili so‘zga chiqdi.
«Chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunga qarshi namoyishlar
Gurjiston poytaxti Tbilisida 29 aprelga o‘tar kechasi parlament binosi yonida Rossiyaning «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonuni o‘xshashi bo‘lgan «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasiga qarshi bo‘lib o‘tgan minglab kishilarning namoyishida vaziyat keskinlashdi. Bir necha yuzlab politsiyachilar tayoq va ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalanib, namoyishchilarni qo‘lga olishni boshladi.
Gurjistonda so‘nggi bir necha kun ichida muxolifat kuchlari parlament tomonidan «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinishiga qarshi norozilik namoyishlari o‘tkazib, uni Gurjiston parlamentidan chaqirib olishni talab qilmoqda.
YeI Tbilisini bahsli qonun loyihasini qaytarib olishga chaqirdi
Yevropa Ittifoqi Gurjiston hukumatini «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasini qaytarib olishga chaqirmoqda. Bu haqda Yevroparlament minbarida 23 aprel kuni bo‘lib o‘tgan debatlar chog‘ida inqirozlarni boshqarish bo‘yicha Yevropa komissari Yanez Lenarchich aytdi. «Bu qonun loyihasi Yevropa me’yorlari va qadriyatlariga to‘g‘ri kelmasligi aniq, agar u qabul qilinsa, Gurjistonning kelajakdagi Yevropa yo‘lini xavf ostiga qo‘yadi», dedi Yevropa komissari.
Gurjiston parlamenti qonun loyihasini 17 aprel kuni birinchi o‘qishda qabul qildi. «Chet el agentlari» qonuniga ko‘ra, moliyalashtirishning 20 foizdan ortig‘ini xorijdan oladigan nodavlat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari xorijiy manfaatlarni olg‘a suruvchi tashkilot sifatida ro‘yxatdan o‘tishi shart.