Anor yetishtirishdan bo‘yoq ishlab chiqarishgacha – davlat tashkilotlarining nosohaviy aktivlari

O‘zbekiston 18:23 / 30.04.2024 5138

O‘zbekistondagi qator davlat tashkilotlari o‘zlarining asosiy faoliyat turi hisoblanmagan tarmoqlarda tashkil etilgan korxonalarda ham ulushdor hisoblanadi.

Anor yetishtiruvchi ma’naviyatchilar

Ma’naviyat va ma’rifat markazining Farg‘ona viloyat bo‘limi 2018 yilda tashkil etilgan “Farg‘ona anorchilik” MChJning 86,9 foiz ulushiga egalik qiladi.

Radioeshittirish bilan shug‘ullanuvchi “O‘zbekiston temiryo‘llari”

“O‘zbekiston temiryo‘llari” 2007 yilning 17 mayida tashkil etilgan, toshko‘mir qazib olish bilan shug‘ullanuvchi “Sharg‘un ko‘mir” AJ va “Boysunko‘mir” MChJga egalik qiladi.

Ustav fondi 400 ming dollar bo‘lgan yana bir tashkilot –”Giraffe crane” MChJning ham 25 foiz ulushi “O‘zbekiston temiryo‘llari”ga tegishli. Farhod Mirxanov rahbarlik qilayotgan jamiyat 2017 yil 13 oktyabrda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Faoliyat turi – radioeshittirish.

Shuningdek, temiryo‘lchilar turar joy binolarini qurish bilan shug‘ullanuvchi “Yangi zamon bino” MChJda qariyb 50 foiz ulushga ega.

Tibbiyot bilan shug‘ullanuvchi – energetiklar

2004 yilning 17 sentabr kuni ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Farg‘ona shifobaxsh suvi” MChJning 49 foiz ulushiga “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ egalik qiladi.

“Stomatolog” – sug‘urtachilar

Stomatologiya sohasida faoliyat olib boruvchi “Kamelot med servis” MChJning 100 foiz ulushiga “O‘zagrosug‘urta” AJ egalik qiladi.

Irratsional ishlar bilan shug‘ullanishda davlat banklari anchayin faol. Masalan, “O‘zsanoatqurilishbank” yashashga yaroqsiz joylarni ijaraga berish va boshqarish bilan shug‘ullanuvchi “Kattakurgan business services” MChJda 33 foiz ulushiga, bo‘yoqlar ishlab chiqaruvchi “Parizod mexr and capital” MChJning 99,7 foiz ulushiga, metallga ishlab berish bilan shug‘ullanuvchi “Penoplast surkhon and capital” MChJda 100 foiz ulushga ega.

“Milliy bank” esa sport sohasida ish yurituvchi “Invest group centre” MChJ va Xiva plaza mehmonxonasining100 foizlik ulushdori hisoblanadi.

Shuningdek, “Aloqabank” biotexnologiyalar sohasidagi faoliyat yurituvchi “Bioazot IGBR” MChJning 98,2 foziga, Agrobank “Chotqol MChJ”ning 12,5 foiz ulushiga egalik qiladi.

26 aprel kuni imzolangan “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori bilan, yuqoridagi korxonalarda mavjud bo‘lgan davlat ulushini ommaviy savdolarga chiqarish ko‘zda tutilgan.

Hujjat asosida, jami 247 ta korxonadagi davlat aksiya paketlari va 1028 ta ko‘chmas mulk obekti savdolarga chiqarilishi kutilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: