Yangiyo‘ldagi sil kasalxonasiga “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi joylashtirildi. Aholi virus yuqtirib olishdan qo‘rqyapti

O‘zbekiston 10:41 / 29.04.2024 6807

Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahri Yangi hayot ko‘chasida tuman tibbiyot birlashmasi Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasiga qarashli Silga qarshi kurashish dispanseri faoliyat yuritadi. Bu binoga 2024 yil fevral oyida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi ko‘chib kelgan. Nurafshon TV tayyorlagan lavhada aholi bu holatdan norozi ekani, ular markazga borganda sil yuqib qolishidan xavotirlanayotganini aytgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Yangiyo‘l shahri “Mustaqillik” MFY Yangi hayot ko‘chasida joylashgan bino 1982 yilda qurilgan. Bu joy 2011 yildan boshlab Silga qarshi kurashish dispanseri sifatida aholiga xizmat ko‘rsatib keladi.

Videoda ko‘rsatilishicha, Toshkent viloyati hokimining 2023 yil 6 sentabrdagi 1/8-3-4071-sonli qarori asosida bu bino to‘liq Ijtimoiy himoya milliy agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi balansiga o‘tkazilgan. Binoda 2024 yil fevraldan beri “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi ham faoliyat yuritishni boshlagan.

Fuqarolardan biri Muhiddin Nuriddinovning aytishicha, bosh vazirga binoni Sil kasalliklari dispanseri emas, Tez tibbiy yordam bo‘limi degan ma’lumot bilan kiritishgan, bino bo‘sh turibdi deb uni “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga o‘tkazish so‘ralgan.

Bosh vazirga yolg‘on ma’lumot kiritishgan. Bu bino 10 yildan beri Sil kasalliklari dispanseri bo‘lib kelyapti. Binodan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga joy berilishi juda xavfli. Axir bu yerda nogironlar, qariyalar, bola puli olishga ayollar va bolalar keladi. Ularning sil kasalliklarini yuqtirib olish ehtimoli kuchli”, – deydi u. 

Lavhadan ko‘rinishicha, Sil kasalliklariga qarshi kurashish bo‘limi binoning 2-qavatida faoliyat yuritadi. Xuddi shu joyda ijtimoiy xizmatlar markazi joylashgan. Ularni bitta eshik ajratib turadi. Bu aholi uchun juda xavfli ekanini Yangiyo‘l tumani tibbiyot birlashmasi bosh ftiziatori Mavjuda Kamolova ham ta’kidlagan.

Sil kasalligi havo tomchi yo‘li orqali yuqadigan infeksion kasallik hisoblanadi. 14 yildan beri shu binoda xalqqa xizmat ko‘rsatib kelamiz. Bu binoni Ijtimoiy himoya agentligiga beramiz deyishganda yuragimiz achib ketdi. Chunki silning qanchalik darajada yuqumli ekanini, qanaqa turi borligini bilganimiz uchun bu binoga kirayotgan har bir aholiga jonimiz achiydi”, – degan bosh ftiziator.

Binoga odam gavjum bo‘ladigan tashkilotning ko‘chirilishi uchun Sanepidqo‘mita xulosa berishi kerakligi, aks holda binodan boshqa maqsadlarda foydalanish mumkin emasligini Yangiyo‘l shahar Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat birlashmasi xodimi Aziza To‘ychiboyeva ham ta’kidlagan.

Silga qarshi davolash profilaktika muassasalari joylashgan yer uchastkalariga, binolariga turar joy binolari, ijtimoiy soha, ta’lim-tarbiya muassasalari, ovqatlanish korxonalarini kiritish mumkin emasligi to‘g‘risida sanitar qoida va normalar bor. Bu bo‘yicha bizga hech qanday murojaat va ariza tushmagan. Sanepid bo‘limi tomonidan ruxsat va xulosa ham berilmagan. Agar Sanepid bo‘limi tomonidan xulosa berilmasa, binodan boshqa maqsadlarda foydalanish, ko‘chib kelish yoki boshqa obektlarni kiritish mumkin emas”, – degan To‘ychiboyeva.

Shuningdek, holatdan norozi aholi Respublika Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga ham murojaat qilgan. Bunga javoban Yangiyo‘l shahar Sanepid bo‘limi rahbari M.X.Qurbonov qo‘mitaga dispanser binosini “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga berish yuzasidan hech qanday xat kelib tushmagani va bino bo‘yicha xulosa taqdim etilmaganini bildirgan.

Javob xatida sobiq Silga qarshi kurashish muassasalari bo‘lib faoliyat yuritgan binolarni maktabgacha ta’lim muassasalariga, yopiq turdagi muassasalarga (qariyalar, nogironlar uylari va h.k.), tug‘uruq; majmualariga, dorixonalarga, yashash joylariga, oziq-ovqat sanoatiga, ovqatlanish va oziq-ovqat mahsulotlari savdo shoxobchalariga o‘zgartirish taqiqlanishi ko‘rsatilgan.

Aholi vakillari yuqori turuvchi bir necha tashkilotga, jumladan Toshkent viloyati hokimiga ham murojaat qilgani va hokimlik javob bermaganini aytyapti.

Binoda sil tayoqchalari 20 yil davomida saqlanishi, binodan boshqa maqsadda foydalanish mumkin emasligi, fuqarolar sog‘lig‘iga jiddiy xavf tug‘ilayotganligi bois “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining boshqa joyga ko‘chirib berilishini so‘ramoqdamiz. Binoni qayta ta’mirlagan taqdirda xam kasallik saqlanadi va xavf bor deb hisoblaymiz”, – deydi fuqarolardan biri. 

Ko‘proq yangiliklar: