Raqamli texnologiyalar vazirligi tasarrufida bo‘lgan Information Technology Center MChJdagi 49 foiz davlat ulushi sotiladi. Bu haqda «Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarorida keltirib o‘tilgan.
Information Technology Center MChJ 2019 yilning 12 iyul kuni tashkil etilgan. Faoliyat turi – dasturiy ta’minotlar chiqarish. Kompaniyaning 49 foiz ulushi «Telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi DUK»ga, 51 foizi Delta Telecom International’ga tegishli.
Information Technology Center MChJ UzIMEI operatorining egasi hisoblanadi.
Avvalroq, xususiylashtirishning yangi dasturi bo‘yicha 247 ta korxonadagi davlat aksiya paketlari va 1028 ta ko‘chmas mulk obekti savdolarga chiqarilishi xabar qilingandi. Xususan, Silk Avia aviakompaniyasi va Humo to‘lov tizimidagi 100 foiz davlat ulushi ommaviy sotilishi ma’lum qilingandi.