Markirovkalash tizimi bilan tegishli sub’yektlarning bor-yo‘g‘i 42 foizi qamrab olingan - Senat 

O‘zbekiston 10:35 / 29.04.2024 2599

Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi tomonidan “Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish: muammo va yechim” mavzusida seminar o‘tkazildi.

Seminarda ishtirokchilar tomonidan yashirin iqtisodiyotni qisqartirish borasida ayrim muammoli masalalar saqlanib qolayotganiga e’tibor qaratildi.

Xususan, yashirin faoliyatning o‘z vaqtida vakolatli organlar tomonidan nazoratga olinmaganligi natijasida Hisob palatasi tomonidan 2023 yilda budjetga qo‘shimcha 3,6 trln so‘m jalb qilish imkoniyatlari aniqlanib, shundan 1,2 trln so‘mi undirilishi ta’minlangan.

Markirovkalash tizimi bilan tegishli sub’yektlarning bor-yo‘g‘i 42 foizi qamrab olingani aniqlangan.

Seminarda ishtirokchilar tomonidan qayd etilganidek, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari tomonidan yetishtirilgan mahsulotning bir qismini yashirin aylanmaga olib chiqib ketishiga sharoit mavjud bo‘lib, shu sababli ushbu sohada yashirin iqtisodiyotning oldini olish va sohada hosildorlikni, mahsulot ishlab chiqarish hisobini olishni va qayta ishlash bosqichlarini raqamlashtirish zarur.

Shuningdek, mehnatga haq to‘lash va norasmiy tarzda ishga qabul qilish orqali “konvert” usulida ish haqi berishga chek qo‘yish borasida ishlar tashkil etilmaganligiga, xususiy sektorda yuridik shaxslar tomonidan ish haqini konvert usulida berish tizimli tus olganligiga seminarda alohida to‘xtalib o‘tildi.

Bundan tashqari, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida ham haqiqiy tovar aylanmani hisobotlarda kamaytirib ko‘rsatish orqali soliqdan qochish holatlari kuzatilayotganligi hamda naqd pul bilan bog‘liq operatsiyalar yashirin iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishning asosiy usuli bo‘lib qolayotganligi qayd etildi va uning oldini olishga qaratilgan choralarni belgilash yuzasidan takliflar bildirildi.

Ko‘proq yangiliklar: