Zoir Mirzayev «Telefonsiz maktab» loyihasini qo‘llab-quvvatlagan maktabga 300 million so‘m topshirdi

O‘zbekiston 19:00 / 25.04.2024 5764

Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev «Telefonsiz maktab» loyihasini faol qo‘llab-quvvatlagani uchun Angren shahridagi 17-son umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Zebo Mahkamovaga 300 million so‘m pul mukofotini topshirdi. 

Qayd qilinishicha, ushbu maktab 50 kundan buyon yangi loyihani faol tatbiq qilib kelmoqda.

Shu yil fevral oyida Zoir Mirzayev maktab direktorlari bilan o‘tkazgan muloqotida «Telefonsiz maktab» tizimini joriy etish, telefondan foydalanmaslik taklifini ilgari surib, buni amalga oshirgan maktablarni 300 million so‘m bilan taqdirlashga va’da bergan edi. 

Keyinroq, Angren shahridagi 13- va 17-son umumta’lim maktablarida «Telefonsiz maktab» tizimi joriy etilgani, o‘qituvchilar va o‘quvchilarning telefonlari maxsus javonlar, qutilarga solib qo‘yilayotgani haqida xabar berildi. Ta’kidlanishicha, bu chora o‘quvchilarning e’tiborini ustozlar tomonidan berilayotgan bilimlarni yanada chuqurroq egallashga qaratadi. 

Shuningdek, ota-onalar kuzatuv kengashi bilan maktab ma’muriyati yig‘ilish o‘tkazib, ta’lim muassasasida telefondan umuman foydalanmaslik taklifi ilgari surilgani va bu barcha tomonidan birdek ma’qullangani aytildi. 

Maktablarda telefondan foydalanishni tartibga soluvchi qoidalar «Telefonsiz maktab» tizimi tashabbusidan ham ancha oldinroq qabul qilingan. Jumladan, bunday me’yorlar Vazirlar Mahkamasining 2012 yildagi «O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilab qo‘yilgan. 

Qarorga ko‘ra, ta’lim muassasasiga kirib kelishda har bir ta’lim oluvchi, xodim, keluvchi va boshqa shaxslar o‘z telefoni abonentining chaqiruv ovozini to‘liq o‘chirib qo‘yishi («ovozsiz» rejimga o‘tkazishi) shart. 

O‘quv mashg‘ulotlari va tadbirlar (saflanish, tarbiyaviy soatlar, bayram, sport tadbirlari va shu kabilar) boshlanishidan oldin telefonni to‘liq o‘chirib, portfeli, sumkasi va shu kabilarga solib qo‘yishi kerak. 

Ta’lim oluvchilarga boshqa narsalar qatori, o‘quv mashg‘ulotlari vaqtida telefon orqali so‘zlashish hamda SMS (MMS) va boshqa turdagi xabarlarni jo‘natish taqiqlanadi. 

Biroq, ta’lim oluvchilar mashg‘ulotlar va tadbirlar oralig‘ida faqat asosli va kechiktirib bo‘lmaydigan zarur holatlarda ota-onasi, yaqin qarindoshlari, ta’lim muassasalarining rahbarlari yoki xodimlari bilan zudlik bilan bog‘lanish maqsadida telefondan foydalanishi, SMS, MMS, Bluetooth, Internet va shu kabilar xizmatidan foydalanishi mumkin. 

Favqulodda vaziyatlar vujudga kelgan taqdirda ta’lim muassasalarida telefondan foydalanish cheklanmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: