“Bog‘lar xalqqa qaytarilishi kerak” - faollar Toshkentda yana ikkita bog‘ investorga berilganidan norozi

O‘zbekiston 21:35 / 25.04.2024 17264

Investor “Do‘stlik” bog‘ida o‘nga yaqin attraksionlar, Abdulla Qodiriy bog‘ida esa restoranlar qurmoqchi.

“Do‘stlik” bog‘ida shovqin-suronli attraksionlar va boshqa qurilishlar bo‘lishiga qarshi chiqayotgan aholi vakillari petitsiya tayyorlab, imzo to‘plashni boshlab yuborgan.

“Hozirgi park bizga ma’qul. U tinch va sokin, maysada yotsang ham bo‘ladi, bolalar bexavotir dam olib, samokat uchishi mumkin, – degan Gazeta.uz bilan suhbatda yakkasaroylik Aida. — Bizga musiqiy favvora va muz maydonchasining mutlaqo keragi yo‘q, chunki bu yerdan uncha uzoq bo‘lmagan joyda boshqa ko‘ngilochar parklar bor. Afsuski, bu yerda shundoq ham uylar qurib yotishibdi, qurilishlar bog‘imizni qurshab olyapti. Taqdimotning o‘zidan ko‘rinib turibdiki, biz kamida 30 foiz daraxtdan ayrilamiz. Agar davlat yordam bermoqchi bo‘lsa, sug‘orish uchun pul ajratsin, chunki orada o‘zimiz chelakda suv tashib, daraxtlarga quydik”.

Davletovuz Telegram-kanali muallifi hozirgidek og‘ir ekologik sharoitda ijtimoiy ne’mat bo‘lmish bog‘lar xususiylashtirilmasligi, xususiy qo‘llarga turli nomlar ostida berilmasligi kerakligini aytdi.

“Agar tashlandiq bo‘lib qolgan bo‘lsa, uning yechimi xususiy sektorga berishda emas. Atayin qarovsiz qoldirib, moliyaviy resurs ajratmasdan tashlandiq holga keltirib, ko‘zni shamg‘alat qilishdan boshqa narsa emas bu. Balandparvoz va’dalarga ishonmaslik lozim”, – deya yozdi bloger.

Davletovuz kanali ayni shu investorga berilgan G‘afur G‘ulom parki “boshdan-oxir tadbirkorga pul keltiradigan tijorat maskaniga” aylanganidan yozg‘irgan. “Har bir qarichida pul keltiradigan matohlar o‘rnatilgan. Xalq hatto u yerdagi daraxtlar soyasidan ham qariyb mosuvo bo‘lib ulgurgan. Xalqqa to‘rtta-beshta skameyka, 300-400 metr piyoda yurishdan boshqa bepul hech narsa qolmagan”, – deydi jamoatchilik faoli.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev ham bog‘larning investorlarga berilishini qoralab chiqdi. U bog‘lar xalqqa qaytarilishi kerakligini aytib, “shaharning o‘pkasi bo‘lgan bog‘lar taqdirini xavf ostida qoldirish jinoyat bilan teng” degan fikrni bildirdi.

“Odamlarga tinch va sokin, hech qanday attraksionsiz, hech qanday shovqin-suronsiz, hech qanday do‘konlar-u, savdogarlarsiz bog‘lar kerak. Bunday bog‘lar bilan ta’minlash davlatning majburiyati. Yanada aniqroq aytsak, shaharlarda bu majburiyatni shahar hokimligi ta’minlab berishi shart”, – degan huquqshunos.

Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayevning fikricha, davlat oldida “Do‘stlik” parkini investorga berish va bermaslikdan tashqari uchinchi yo‘l – uni xuddi Ekopark kabi attraksionlarsiz, Yapon bog‘i kabi shovqin-suronsiz, sokin xiyobonga, ehtimol, ulardan-da yaxshiroq jamoat makoniga aylantirish imkoni bor.

“Toshkent ichida attraksionli-ko‘ngilochar parklar qurish, mavjud parklarni savdo majmuasisifat makonlarga aylantirish amaliyotini to‘xtatish shart. Shahar betartib qurilishlar, tartibsiz reklama, umuman, tartibsizlik va shovqindan yorilay deyapti. Bunday shaharda yashovchi odamlar uchun sokin makonlar – hayotiy zarurat”, – deya ta’kidladi u.

Iqtisodchi Behzod Hoshimovga ko‘ra, shahardagi yashil bog‘lar tijoriy maqsaddagi ko‘ngilochar makonga aylanishi – iqtisodiy jihatdan ham xato bo‘ladi.

“Dunyodagi barcha normal shaharlarda: Parijda ham Disneylend Lyuksemburg bog‘ining ichida qilinmagan, shahardan 50 kmda qurilgan yoki Tokioda ham imperator bog‘ini quritib, Disneylend qurishmadi – qo‘shni shahar Chibada qurishdi. Bunday ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Xohlagan yaxshi shaharingizda shunday to‘g‘ri qaror qabul qilingan. Hatto Moskvada ham, 90-yillarda parklarning ichida sal beton qilib, attraksion qilinganidan keyin, hukumat aqlini yig‘ib olib, parklarni shaharga, odamlarga qaytargan. Biz ham 90-yillardagi Moskvaning xatosini qilmoqdamiz”, – deb yozadi Hoshimov.

Yana bir iqtisodchi Botir Qobilov bog‘larni mahalliy budjetda pul yo‘qligi uchun investorga berish mantiqqa to‘g‘ri kelmasligini, shahar aholisi soliqlarni infratuzilma uchun to‘layotganini eslatib o‘tadi.

“Bu lotereya emas, jamoat bog‘lari bu ijtimoiy tovar va ularni davlat o‘z qaramog‘ida qoldirishi shart. Agar shahar bu ish bilan yaxshi shug‘ullana olmayotgan bo‘lsa, demak muammo shaharda va u ish bilan yaxshiroq shug‘ullanish kerak. Bog‘ga qaraydigan kadr yo‘q, pul yo‘q deyish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi, shahar aholisi soliqlarni aynan shuning uchun ham to‘laydi. Shahar boshqaruvchilari, ya’ni xizmatchilari qachondir almashadi, bu tabiiy jarayon, lekin aholi qoladi. Bog‘ ham aholida qolish kerak”, – degan iqtisodchi.

“Adolat” va Ekologiya partiyalari ham bu borada o‘z munosabatini bildirdi. Deputatlar mas’ullarni bunday qarorlar chiqarishdan oldin jamoatchilik bilan hisoblashish, rekonstruksiya jarayonida daraxtlarga ziyon yetkazilishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.

“Istirog‘at bog‘lari xalqniki bo‘lishi kerak!” – deya ta’kidlaydi “Adolat” partiyasi o‘z bayonotida.

“Shahar markazlarida yashil bog‘larni barpo etish hayotiy zarurat va dunyo trendiga aylangan. Attraksionli ko‘ngilochar parklar esa asosan shaharlar tashqarisida joylashtiriladi”, – deya qayd etgan Ekopartiya.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahar hokimligi qoshidagi jamoatchilik kengashi raisi Furqat Mahmudxo‘jayev Kun.uz'ning investorga berilgan bog‘larning hozirgi nomi o‘zgarmay qoladimi degan savoliga javoban bu masalada Toponomik komissiya bilan maslahatlashilishini aytgandi.

Ko‘proq yangiliklar: