YeI komissari: Gurjistonning «chet el agentlari» haqidagi qonuni YeI me’yorlaridan uzoq

Jahon 08:58 / 24.04.2024 1893

Yevropa Ittifoqi Gurjiston hukumatini «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasini qaytarib olishga chaqirmoqda. Bu haqda Yevroparlament minbarida 23 aprel, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan debatlar chog‘ida inqirozlarni boshqarish bo‘yicha Yevropa komissari Yanez Lenarchich aytdi.

«Bu qonun loyihasi Yevropa me’yorlari va qadriyatlariga to‘g‘ri kelmasligi aniq, agar u qabul qilinsa, Gurjistonning kelajakdagi Yevropa yo‘lini xavf ostiga qo‘yadi», dedi Yevropa komissari. Gurjiston parlamenti qonun loyihasini 17 aprel kuni birinchi o‘qishda qabul qildi. 

YeI komissari Gurjiston hukumatini birlashishga chaqirdi 

Lenarchich eslatganidek, 2023 yil mart oyida Gurjiston hukmron partiyasi ham xuddi shunday qonunni qabul qilishga urinib ko‘rgan, biroq ommaviy noroziliklardan so‘ng «o‘z fuqarolariga bunday qonun boshqa ko‘rib chiqilmasligini va’da qilgan holda» bu qadamdan voz kechgan. O‘tgan dekabrda Yevropa kengashi Tbilisiga YeI a’zoligiga nomzod maqomini bergan edi. «Gurjistonning kelajagi Yevropa Ittifoqida, bizning eshiklarimiz ochiq», dedi Yevropa komissari va Gurjiston rahbariyatini «mamlakatni Yevropa yo‘lidan uzoqlashtirmaslikka» chaqirdi. 

«Chet el agentlari» qonuniga ko‘ra, moliyalashtirishning 20 foizdan ortig‘ini xorijdan oladigan nodavlat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari xorijiy manfaatlarni olg‘a suruvchi tashkilot sifatida ro‘yxatdan o‘tishi shart. Lenarchich fikricha, bunday qonun Gurjistondagi fuqarolik jamiyatining erkin faoliyat yuritish imkoniyatini cheklaydi. Bundan tashqari, yangi huquqiy me’yor Gurjiston fuqarolarining YeIdan qo‘llab-quvvatlanishiga ta’sir qiladi, chunki «bu yordamning bir qismi nodavlat tashkilotlari orqali keladi», dedi Yevropa komissari. 

Lenarchich Gurjiston hukumatini «Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish maqsadi atrofida milliy konsensus yaratishga» chaqirdi. Gurjistondagi barcha hokimiyat tarmoqlari bir-biri bilan va fuqarolik jamiyati bilan konstruktiv hamkorlik qila boshlagandagina bu maqsadga erishish mumkin, dedi Yevropa komissari. 

Ko‘proq yangiliklar: