“Asaka Motors International” kompaniyasi va dunyodagi yetakchi avto ishlab chiqaruvchilardan biri – “Hyundai Motor Company” Sirdaryo viloyatidagi avtomobil zavodida Hyundai brendi ostida avtomobillar ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
O‘zbekiston avtomobil bozorida o‘sib borayotgan raqobat sharoitida bozor talabini aniqlash maqsadida tomonlar loyihani ikki bosqichda amalga oshirishga kelishib oldilar.
Birinchi bosqich doirasida Elantra, Tucson, Sonata, Santa Fe, Palisade va Staria modellarini yirik blokli ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Loyihani amalga oshirish jadvaliga muvofiq, ushbu bosqichning boshlanishi 2024 yil may oyiga rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, tomonlar 2024 yil oxiriga qadar kavsharlash, bo‘yash va yig‘ish texnologik jarayonlari bo‘yicha ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga qaratilgan rejalashtirish ishlarini yakunlashga kelishib oldilar. Ushbu bosqich doirasida, shuningdek, avtokomponentlar ishlab chiqarilishini mahalliylashtirish, jumladan, Sirdaryo viloyati hududida butlovchi detallar ishlab chiqarish bo‘yicha klaster qurish ko‘zda tutilgan. Ushbu klasterning zavod yaqinida joylashishi kompaniyaga butlovchi detallar logistikasi bilan bog‘liq xarajatlar va vaqtni qisqartirish imkonini beradi.
“Asaka Motors International” kompaniyasida ishlab chiqarilgan avtomobillarni sotishni dilerlik va servis tarmoqlarini rivojlantirish bilan shug‘ullanadigan “Hyundai Auto Asia” MChJ QK amalga oshiradi.
Ushbu loyihani amalga oshirish mahalliy iste’molchilar uchun hammabop bo‘lgan tovar nomenklaturasini diversifikatsiyalash orqali O‘zbekiston avtomobil bozorida raqobatni kuchaytirish imkonini beradi.
Reklama