RF Tergov qo‘mitasi 23 aprel kuni kechqurun RF mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov qo‘lga olingani haqida xabar berdi. Unga nisbatan o‘ta yirik miqdordagi, ya’ni kamida bir million rubl pora olish (JK 290-modda, 6-qismi) moddasi bo‘yicha tergov olib borilmoqda. Tergov qo‘mitasi ish tafsilotlarini keltirmagan. «Tegishli tergov harakatlari olib borilmoqda», — degan TQ rasmiy vakili Svetlana Petrenko.
Ivanov aynan qachon ushlangani hozircha ma’lum emas. 23 aprel kuni kunduzi u mudofaa vazirligining Sergey Shoygu rahbarligidagi hay’at yig‘ilishida qatnashgandi, deb yozgan RBK. «Interfaks» huquq-tartibot organlariga asoslanib xabar berishicha, tergov Ivanovni hibsga olishni so‘rab sudga murojaat etgan. TASS xabariga ko‘ra, Shoyguning o‘rinbosari 15 yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
«112» telegram-kanali tasdiqlashicha, tezkor xodimlar Ivanovning Dog‘istondagi dala hovlisida tergov tadbirlari o‘tkazishgan. «VChK-OGPU» telegram-kanalining tasdiqlanmagan ma’lumotlariga ko‘ra, Ivanov bilan yana uch kishi qo‘lga olingan. 23 aprel kuni kechqurun «Kommersant» FXX xodimlari Ivanovni tergov qo‘mitasi markaziy apparati tergovchilari olib ketishganini xabar qildi. Tunni Ivanov vaqtincha saqlash izolyatorida o‘tkazgan.
RF prezidenti Vladimir Putinga mudofaa vaziri o‘rinbosari qo‘lga olingani to‘g‘risida xabar yetkazildi, degan jurnalistlarga prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov. «Shuningdek mudofaa vaziri Sergey Shoygu ham oldindan xabardor qilingan», — degan Peskov. RF mudofaa vazirligi hozircha bu hodisa yuzasidan munosabat bildirmadi.
Timur Ivanov — Sergey Shoygu jamoasidagi odamlardan bo‘lgan. Ivanov mudofaa vaziri o‘rinbosari lavozimida 2016 yildan buyon ishlab kelayotgandi, undan oldin uch yil mobaynida mudofaa vazirligiga qarashli «Oboronstroy» kompaniyasini boshqargan, shuningdek Shoygu Moskva oblastiiga rahbarlik qilganida region hokimiyatida ishlagan. Ivanov mudofaa vaziri o‘rinbosari lavozimida vazirlik obektlari hamda harbiy ipoteka obektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ishlarini nazorat qilgan, shuningdek RF qurolli kuchlari uchun uy-joy va tibbiy yordamni tashkil etish, mulkni boshqarish va qo‘shinlarni joylashtirishga ma’sul bo‘lgan.
Ivanov barcha yirik harbiy qurilishlarga rahbarlik qilgan, jumladan Rossiya qurolli kuchlarining bosh ibodatxonasi, Moskva yaqinidagi «Patriot» bog‘i, Kamchatkadagi suvosti kemalari bazalari va «Vostochniy» kosmodromi uning rahbarligida qurilgan. Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinidan keyin u okkupatsiya qilingan Mariupolni tiklash bo‘yicha loyihalarga javobgar bo‘lgan, deb yozadi Mixail Xodorkovskiyning «Dose» proyekti.
Ivanov 2019 yilda Forbes jurnali tomonidan tuzilgan eng badavlat kuchishlatarlar reytingiga kirgan. Nashr 2018 yil yakunlariga ko‘ra, uning oilasi daromadini 136,7 million rublga, Ivanovning o‘zining daromadini — 13,6 million rublga baholagan.
Forbes nashrining mudofaa vazirligidagi manbasi Timur Ivanov — «Shoyguning odami» ekani, ammo mudofaa vaziri o‘rinbosari so‘nggi vaqtlarda «xatolarga yo‘l qo‘ygandi» va unga «savollar to‘planib qolgandi». Nashr suhbatdoshi vazir o‘rinbosarining qo‘lga olinishini Shoygu vazirlikdan ketishi mumkinligi va bundan oldinroq vazirlik «uning odamlaridan tozalanishi» bilan bog‘lagan.
Timur Ivanov — jurnalistlarning korrupsiya to‘g‘risidagi ko‘plab surishtiruvlari figuranti bo‘lgan. Aleksey Navalniy va «Proyekt» ma’lumotiga ko‘ra, Ivanovlar oilasining Rublyovkada qasri va Moskvadagi Prechistenkada XIX asrga mansub dvoryanlar qo‘rg‘oni bor — har bir obekt narxi 600 million rubl atrofida turadi. 2022 yil dekabr oyida Aleksey Navalniyning tarafdorlari Timur Ivanov va uning rafiqasi Svetlana Zaxarova (Maniovich) haqida e’lon qilgan katta surishtiruvda aytilishicha, 2010-2018 yillarda er-xotin har yozda Lojuvard sohilida villalarni ijaraga olgan va Sen-Tropeda uy-joy ijarasi uchun kamida 850 ming yevro sarflagan. Bu xarajatlar va sayohatlar vaqtida sotib olingan zargarlik buyumlari va qimmatbaho kiyim-kechaklar uchun pullarni boshqa odamlar yoki kompaniyalar to‘lashgan. Uning Yevropaga, xususan Fransiyaga safarlari Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinidan keyin ham davom etgan. 2022 yil yozida Svetlana Maniovich rasman Timur Ivanov bilan ajrashgan. Korrupsiyaga qarshi kurash fondining 2023 yil iyulida chiqqan boshqa surishtiruvida aytilishicha, Ivanovning yangi rafiqasi ekani taxmin qilingan, RF mudofaa vazirining sobiq maslahatchisi bo‘lgan Mariya Kitayeva ham Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyin Yevropa bo‘ylab sayohatlar uyushtirgan.
Ivanov 2022 yil martidan buyon AQSh sanksiyalari, 2022 yil oktyabridan buyon Yevroittifoq sanksiyalari ostida bo‘lgan. Ivanovning sobiq rafiqasi Svetlana Maniovich YeI sanksiyalariga duchor bo‘lmagan, chunki urush boshlanganidan besh oy o‘tib ajrashgandi. 2023 yil aprelida Navalniy jamoasi Parijda Maniovich ijaraga kvartira olgan uy oldida norozilik aksiyasi o‘tkazgan.