Rossiyaning bir qator viloyatlarida, jumladan, Moskva, Moskva viloyati, Sankt-Peterburg, Leningrad, Sverdlovsk va Kemerovo viloyatlarida non narxi 2024 yilning birinchi choragida qariyb 30 foizga oshdi, deya xabar bermoqda «Kommersant» gazetasi 24 aprel, chorshanba kuni bozor ishtirokchilariga tayanib. Milliy novvoyxonalar uyushmasi ijrochi direktori Rustam Aydiyevning tushuntirishicha, ishlab chiqaruvchilar nonning eng ommabop turlari narxini logistika xarajatlari oshgani sababli o‘rtacha 10-15 foizga ko‘targan.
Bozor ishtirokchilarining aytishicha, joriy yil boshida 360-450 dona non tashuvchi «Gazel»larning bir reysi 7500 rublga tushgan bo‘lsa, 2024 yil apreliga kelib bu narx 12 500 rublga ko‘tarilgan. Tahlilchilar logistika xarajatlarining oshishini haydovchilar taqchilligi va yonilg‘i narxi ko‘tarilishi bilan bog‘lamoqda.
Logistika narxlarining o‘sish sur’ati non pishirish uchun xomashyo narxidan sezilarli darajada oshib ketdi, deya tasdiqladi «Kommersant»ning sohadagi manbalari. Aksariyat ishlab chiqaruvchilar ishchilarni, shu jumladan haydovchilarni saqlab qolishga harakat qilib, ish haqini o‘rtacha 30 foizga oshirdi, ammo ishchi kuchi tanqisligi hali ham o‘sib bormoqda va hozirda talab qilinadigan miqdorning taxminan 15 foizini tashkil qiladi, dedi Aydiyev.
Qishloq xo‘jaligi vazirligida non narxi bilan bog‘liq vaziyat muhokama qilindi
Qishloq xo‘jaligi vazirligi «Kommersant»ga ma’lum qilishicha, ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar, jumladan, non narxi bilan bog‘liq vaziyat alohida nazorat ostida ushlab turilibdi. Aprel oyida bug‘doy unidan tayyorlangan non narxi o‘rtacha 62,6 rublni, javdar-bug‘doy unidan esa bir kilogramm uchun 55,4 rublni tashkil etdi. Non sotish narxining yillik o‘sishi inflatsiya darajasidan pastligicha qolmoqda, deya ta’kidlaydi vazirlik.
Qishloq xo‘jaligi vazirligida logistika bilan bog‘liq muammo muhokama qilingan yig‘ilishda vazirlik ishlab chiqaruvchilarga muammolarni hal qilish uchun Transport vazirligiga murojaat qilishni taklif etdi, dedi majlis ishtirokchilari. «Kommersant» manbalarining tan olishicha, regulyator yonilg‘i narxi oshishi va haydovchilar yetishmasligi bilan bog‘liq muammolarni hal qila olmayapti.