23 aprel kuni Termiz shahrida «Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston» multimodal transport koridorini rivojlantirish bo‘yicha ishchi guruhning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda davlatlarning transport vazirligi rahbarlari ishtirok etdi.
Uchrashuvda mazkur multimodal transport koridorini rivojlantirish yo‘li bilan Markaziy Osiyo va MDHga a’zo davlatlarni O‘zbekiston orqali Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan bog‘lash va respublika tranzit salohiyatini yanada oshirish masalalari muhokama etildi.
Uchrashuv yakuni bo‘yicha tomonlar o‘rtasida yo‘l xaritasi imzolandi. Mazkur yo‘l xaritasida yuk tashuvlarini rivojlantirish bo‘yicha aniq rejalarni amalga oshirish belgilangan. Xususan, yuk tahlillarini olib borish, tashuv jarayonida elektron raqamli hujjatlardan foydalanish, tashuv jarayonlarini soddalashtirish bilan O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston orqali tranzit yuk tashuvlarini oshirish ko‘zda tutilgan.
So‘nggi yillarda Afg‘oniston orqali tranzit yuk tashish hajmi 30 foizdan ortiq oshib, qariyb 1 million tonnani tashkil etdi. 2021 yilda O‘zbekiston hamda Pokiston o‘rtasida tranzit savdo to‘g‘risida bitim imzolangandan so‘ng mamlakatlar o‘rtasida yuk tashuvlari hajmi ortib bormoqda. 2022 yilda ikki mamlakat o‘rtasida Afg‘oniston orqali yuk tashuvlari 2021 yilga nisbatan ikki yarim barobarga oshib, 675 ming tonnani tashkil etdi. Joriy yilda mazkur koridor orqali O‘zbekiston 1 mln tonnadan ortiq yuk tashishni rejalashtirgan.