Odessada raketa hujumidan keyin elektr ta’minotida uzilishlar yuz berdi

Jahon 14:45 / 24.04.2024 2867

Rossiya qo‘shinlari 24 aprel, chorshanba kuni erta tongda Odessaga raketa hujumi uyushtirdi, deb xabar berdi viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Kiper. Portlash to‘lqini oqibatida 30 ga yaqin uy zarar ko‘rgan, derazalari singan, ba’zilarining shiftlari qulagan. Kiper bir nafar jabrlanuvchi, 43 yoshli ayol haqida yozgan - u o‘rtacha og‘irlikda kasalxonaga yotqizilgan. «RBK-Ukraina» nashrining xabar berishicha, portlashdan keyin shahar bir qismida elektr energiyasi o‘chgan.

Ukrainaning eng yirik energetika kompaniyasi DTEK o‘qqa tutish oqibatida elektr ta’minotida uzilishlar yuzaga kelganini tasdiqladi. «Bugun ertalab Odessa yana dushman hujumiga uchradi, buning natijasida shaharning Xojibey tumanidagi ba’zi uylar vaqtinchalik elektr ta’minotisiz qoldi», — deyiladi kompaniya xabarida. Mamlakat Energetika vazirligining aniqlik kiritishicha, nimstansiyalar o‘qqa tutilgani sababli o‘chirilgan va xizmatlar tiklash ishlarini davom ettirmoqda. 

Ukraina: Rossiya foydalanishdan chiqarilgan mashinalar omboriga zarba berdi 

Ukraina janubi mudofaa kuchlari qo‘mondonligining ma’lum qilishicha, Odessadagi zarba foydalanishdan chiqarilgan avtomobillar saqlanadigan joyga amalga oshirilgan. «Dushman orqada harbiy infratuzilma obektlarini qidirishga harakat qilmoqda, ammo Ukraina qurolli kuchlarining harbiy xizmatchilari hujum joyida bo‘lmagan», - deya ta’kidladi Ukraina qurolli kuchlari. 

Rossiya armiyasi bir kun oldin Odessaga Shahed-131/136 hujumkor dronlari yordamida hujum qildi. Zarba oqibatida to‘qqiz kishi, jumladan, to‘rt nafar bola tan jarohati oldi, turar joy binolari ham zarar ko‘rdi. Rossiya Mudofaa vazirligi so‘nggi ikki kun ichida Odessaga berilgan zarbalar haqida rasman xabar bermadi. 

Ko‘proq yangiliklar: