Shimoliy Atlantika alyansi hozirda yadro quroli mavjud bo‘lmagan mamlakatlarga uni joylashtirishni taklif qilmaydi, dedi NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg. Mavjud yadroviy qurollarni taqsimlash bo‘yicha kelishuvni kengaytirish rejalari yo‘q, dedi u 23 aprel, seshanba kuni Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak bilan Polshadagi britaniyalik askarlar oldida chiqish qilib.
Duda AQSh yadro qurolini joylashtirishga tayyorligini ma’lum qildi
Shu tariqa, Stoltenberg Polsha prezidenti Anjyey Dudaning o‘z mamlakatida Amerika yadro qurolini joylashtirishga tayyorligi haqidagi so‘zlariga izoh berdi. «Agar ittifoqchilarimiz NATOning sharqiy qanotida xavfsizlikni mustahkamlash maqsadida NATO qo‘shma yadroviy missiyalari doirasida hududimizda yadro qurolini joylashtirishga qaror qilsa, biz bunga tayyormiz», dedi Polsha davlati rahbari Fakt gazetasiga bergan intervyusida.
Kanadada bo‘lib turgan Duda, shuningdek, bu masala Polsha va Qo‘shma Shtatlar tomonidan «bir muncha vaqt» muhokama qilinganini ta’kidladi. «Men bu mavzuni bir necha bor ko‘targanman», dedi u qo‘shni Belarus va Rossiya tahdidiga ishora qilib. U Rossiya Federatsiyasining Kaliningrad viloyatini harbiylashtirishi va Belarusda Rossiya taktik yadroviy qurollari joylashtirilishi haqida gapirdi. Duda ham, uning xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi ham o‘tmishda shunga o‘xshash bayonotlar bilan chiqqan.