23 aprel, seshanba kuni Moskvadagi apellyatsiya sudi josuslikda ayblangan The Wall Street Journal gazetasi amerikalik jurnalisti Evan Gershkovichni hibsga olish muddatini 30 iyungacha uzaytirishga qarshi apellyatsiyasini rad etdi, deb xabar berdi AFP.
«Birinchi apellyatsiya sudi 2024 yil 26 martdagi ehtiyot chorasini uzaytirish to‘g‘risidagi qarorni o‘zgarishsiz qoldirish haqida qaror chiqardi», — dedi sudya Aleksandr Pushkin. Shu tariqa, Gershkovich 30 iyunga qadar tergov izolyatorida qoladi. Uchrashuv chog‘ida Gershkovich AFP muxbiri uning hol-ahvolini so‘raganida, tabassum qildi va bosh barmog‘ini ko‘rsatdi, deb yozadi agentlik.
Evan Gershkovich ishi
The Wall Street Journal muxbiri Evan Gershkovich 2023 yilning 29 martida Yekaterinburgda qo‘lga olingan va keyinchalik josuslikda ayblangan. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, jurnalist «Amerika tomonining ko‘rsatmalariga binoan Rossiya harbiy-sanoat kompleksi korxonalaridan biri faoliyati to‘g‘risida davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni to‘plagan». Gershkovichning o‘zi ham, nashr ham ayblovlarni rad etadi. Oq uy ularni «bema’ni» deb atadi.
AQSh davlat kotibi Entoni Blinken «Qo‘shma Shtatlar Evan Gershkovichni vataniga qaytarishga sodiqligini» ta’kidladi. «Bugungacha Rossiya oddiy sababga ko‘ra qonunbuzarlik haqida hech qanday dalil keltirmadi: Evan hech narsa qilmagan», - deyiladi AQSh Davlat departamenti bayonotida.
«Biz Rossiyaning amerikaliklardan savdolashish vositasi sifatida foydalanishga bo‘lgan dahshatli urinishlarini qoralashda davom etamiz va bunday urinishlarni jazolashda davom etamiz. Erkin jamiyatning ustunlari - matbuot va jurnalistlarga hujum qilish yoki ta’qib etishga intilayotgan har qanday shaxsga keskin qarshilik ko‘rsatishda davom etamiz», - dedi AQSh prezident Jo Bayden Gershkovich ishiga izoh berib.
Gershkovichni Vadim Krasikovga almashtirish muhokamasi
Joriy yilning fevral oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan intervyuda amerikalik jurnalist Taker Karlson unga Gershkovichni «yaxshi niyat belgisi sifatida» ozod qilishni taklif etdi, shunda Karlson uni Qo‘shma Shtatlarga olib ketishi mumkin bo‘lardi. Bunga javoban Putinning aytishicha, Rossiya shunchalik ko‘p xayrixohlik ko‘rsatganki, u «barcha limitni tugatganga o‘xshaydi». Shunga qaramay, Putin Gershkovichni almashish variantini rad etmadi.
The Wall Street Journal 2023 yil sentabrida Putin Rossiya maxsus xizmatlari xodimi ekani aytilayotgan Vadim Krasikovni ozod qilishga shaxsan buyruq berganini yozgan edi. Krasikov Germaniyada chechen bo‘lginchilarining sobiq dala qo‘mondoni Zelimxon Xanqoshvilini o‘ldirganlikda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, Krasikovning ismi Rossiyada josuslikda ayblanib sudlangan AQSh fuqarolari Pol Uilan va jurnalist Evan Gershkovichni almashish bo‘yicha muzokaralar chog‘ida tilga olingan.